O‘zbekistonning Isroildagi elchisi o‘z missiyasini tugatdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Isroildagi elchisi Feruza Mahmudova ushbu mamlakatdagi o‘z missiyasini yakunlamoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.  

Qayd etilishicha, Feruza Mahmudova Isroil Tashqi ishlar vaziri Eli Koenning qabulida bo‘lgan. Unda O‘zbekiston-Isroil hamkorligining joriy kun tartibi muhokama qilingan.  Vazir Eli Koen Isroil tomoni O‘zbekiston bilan faol rivojlanib borayotgan hamkorlikni yuksak qadrlashini ta’kidlagan.

“Muloqot yakunida, Eli Koen Feruza Mahmudovaga O‘zbekistonning Isroildagi elchisi lavozimida amalga oshirgan yuksak faoliyati uchun minnatdorlik bildirib, kelgusidagi diplomatik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Feruza Mahmudova O‘zbekiston tarixida Gulnora Karimovadan (Ispaniya, 2010-2012) keyingi ikkinchi ayol elchi sanaladi. U 1975 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1996 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro munosabatlar” fakultetini tamomlagan. 2009 yilda Germaniyaning Tyubingen universitetida gumanitar fanlar bo‘yicha magistr darajasini olgan. 1996-2006 yillarda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparatida ishlagan, oliy darajadagi tashriflarni tashkil etishda ishtirok etgan. 2014-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida faoliyat yuritgan. 2018-2020 yillarda Tashqi ishlar vazirligining ikki tomonlama hamkorlik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 19 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Feruza Mahmudovaning Isroildagi elchisi etib tayinlanishini ma’qullagandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Isroil Feruza Mahmudova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing