O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi o‘z missiyasini yakunladi
Jamiyat
−
19 noyabr 2023
5245O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Jahongir G‘aniyev ushbu mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Jahongir G‘aniyev bugun, 19 noyabr kuni Ispaniya Tashqi ishlar vazirligining tashqi va global ishlar bo‘yicha davlat kotibi Anxeles Morena Bau bilan uchrashgan.
Unda Ispaniya TIV vakili o‘zbekistonlik diplomatga ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi va ularga barqaror o‘suvchanlik bag‘ishlagani uchun minnatdorlik bildirgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston-Ispaniya munosabatlarning yanada muvaffaqiyatli rivojlanishi va ilgari erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishiga ishonch bildirgan.
Ma’lumot uchun, Jahongir G‘aniyev 2017 yildan buyon O‘zbekistonning Madriddagi elchixonasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. U dastlab Muvaqqat ishlar vakili, 2018 yilda favqulodda va muxtor elchi, Jahon sayyohlik tashkilotidagi (UNWTO) doimiy vakil bo‘lib ishlagan.
Shuningdek, u 2020 yili o‘rindoshlik asosida Vatikandagi elchi etib tayinlangan, bundan tashqari, Xalqaro zaytun kengashidagi vakil etib tasdiqlangan. 2007-2012 yillarda Italiyadagi elchi va bir vaqtning o‘zida Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi (IFAD) va Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) huzurida doimiy vakil bo‘lgan.
LiveBarchasi