O‘zbekistonning Bahrayndagi yangi elchisi tayinlandi
Jamiyat
−
18 aprel 3484 2 daqiqa
O‘zbekistonning Bahraynga yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Ar-Riyod shahrida) Nodirjon Turg‘unov ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri Abdulatif bin Roshid az-Zayaniyga ishonch yorliqlari nusxalarini onlayn tarzda topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilingan. Bahrayn TIV rahbari Abdulatif bin Roshid az-Zayaniy O‘zbekiston Prezidenti boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholab, tashqi siyosat va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash borasida salmoqli yutuqlarga erishilganini ta’kidlagan.
“Ikki mamlakatni tarixiy aloqalar bog‘lab turishi, qardosh xalqlar o‘rtasidagi munosabatlar esa yuqori darajada ekanini qayd etildi. O‘zaro munosabatlarni barcha jabhalarda mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarga hissa qo‘shishga tayyorlik tasdiqlandi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, Bahrayn Tashqi ishlar vaziri uchrashuv yakunida O‘zbekiston elchisiga ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi mas’uliyatli ishlariga muvaffaqiyatlar tilagan.
Ma’lumot uchun, Nodirjon Turg‘unov 2024 yil mart oyida O‘zbekistonning Saudiya Arabistoni elchisi sifatida Ar-Riyod shahriga borgan. Shuningdek, u 2024 yil noyabr oyida O‘zbekistonning Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili sifatida akkreditatsiyadan o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Bosniya va Gersegovinaga tayinlangan birinchi Favqulodda va muxtor elchisi Baxtiyor Ibrohimov ushbu davlat Prezidiumi raisi Jelka Sviyanovichga ishonch yorlig‘ini topshirgandi.
Live
Barchasi