O‘zbekistonliklar Rossiyada uy-joy sotib olish bo‘yicha yetakchilar qatoriga kirdi
Olam
−
10 mart
11907Rossiyada ko‘chmas mulk sotib olish bo‘yicha O‘zbekiston fuqarolari xorijiy xaridorlar orasida uchinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda “Izvestiya” xabar berdi.
Qayd etilishicha, amalga oshirilgan ko‘chmas mulk bilan bog‘liq savdoning 15 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.
Nashrga ko‘ra, o‘zbekistonliklardan tashqari Belarus (21 foiz) va Qozog‘iston (18 foiz) fuqarolari Rossiya ko‘chmas mulkini sotib olish bo‘yicha yetakchilik qiladi.
Xabarga ko‘ra, chet el fuqarolari boshqa hududlarga qaraganda Moskva (65 foiz tranzaksiyalar), Sankt-Peterburg (10 foiz) va Moskva viloyatidan (15 foiz) ko‘proq kvartira sotib olgan.
Mutaxassislar xorijiy fuqarolarning Rossiya ko‘chmas mulkiga bo‘lgan qiziqishini bozorning jozibadorligi va kapitalni saqlab qolish imkoniyati bilan bog‘lamoqda.
“Bundan tashqari, Rossiya qonunchiligi chet elliklar tomonidan ko‘chmas mulk sotib olishni cheklamaydi, bu esa boshqa mamlakatlar fuqarolari uchun uy-joyga sarmoya kiritish imkonini beradi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrining Seocho-gu tumanidagi mashhur “Banpo Xi” majmuasidan 7,4 milliard vonga (5 mln 87 ming dollar) kvartira sotilgan va uni xarid qilgan shaxs O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib chiqqandi.
LiveBarchasi