O‘zbekistonliklar hayotida 1 yanvardan nimalar o‘zgaradi?

Bu qiziq

image

2021 yil 1 yanvardan O‘zbekiston qonunchiligida qator o‘zgarishlar bo‘lishi kutilyapti. Quyida yangi oyda qanday o‘zgarishlar bo‘lishini eslatib o‘tamiz.

1. Barcha sudlarda sud majlislari ish bo‘yicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib boriladi hamda sud majlislari bayonnomalari ushbu tizimdan (sudlarga masofadan turib murojaat qilish, sud majlislarida videokonferensaloqa tizimidan foydalanib ishtirok etish, sudyalar o‘rtasida ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash, sud qarorlarini Internet tarmog‘ida e’lon qilish, ijro hujjatlarini elektron shaklda majburiy ijroga yuborish tizimlari) foydalangan holda shakllantiriladi.

2. O‘zbekiston fuqarolari xorijga faqat “qizil” biometrik pasport bilan chiqishi mumkin bo‘ladi.

3. MIB hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari o‘z faoliyati to‘g‘risida tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga har yarim yilda hisobot taqdim etib boradi.

4. Shifokorlar uchun har 5 yilda malaka toifasini olish bo‘yicha majburiy attestatsiyadan o‘tish tartibi kiritiladi hamda attestatsiyani onlayn tartibda audio va videokuzatuv ostida tashkil etish tizimi joriy etiladi.

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish uchun to‘lov bekor qilinadi.

5. Xalq deputatlari Kengashlariga Soliq kodeksi bilan belgilanadigan soliq stavkalari asosida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun tuman va shaharlar kesimida, ularning iqtisodiy rivojlanishiga qarab yer solig‘i stavkasiga 0,5dan 2,0gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llagan holda yer solig‘i stavkalarini belgilash vakolati berilmoqda.

Shuningdek, ilmiy darajali kadrlar tayyorlashni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimi joriy qilinadi.

6. Quyidagi davlat ishtirokidagi korxonalarda tajriba (sinov) tariqasida monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etiladi:

●  “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati;
●  “Kvars” aksiyadorlik jamiyati;
●  “Asaka” aksiyadorlik tijorat banki;
●  “UzAuto motors” aksiyadorlik jamiyati;
●  “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati;
●  “Navoiazot” aksiyadorlik jamiyati;
●  “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati;
●  “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati;
●  “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyati.

7. 2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etishda fuqarolardan talab etilishi yo‘l qo‘yilmaydigan hujjatlar va ma’lumotlar ro‘yxati:

8. Qurilish ustidan jamoat nazoratini ta’minlash maqsadida:

•    aholi punktlarining bosh rejalari jamoat muhokamasi natijalarini hisobga olgan holda tasdiqlanadi;

•    aholi punktlari bosh rejalarining jamoat ekspertizasini amalga oshirish mexanizmi joriy etiladi;

•    aholi punktining taklif etilgan bosh rejasidan norozi bo‘lgan jamoat nazorati sub’ektlarining tashabbusiga ko‘ra aholi punktining muqobil bosh rejasini ishlab chiqish yoki unga o‘zgartirish (tuzatish) kiritish mexanizmi joriy etiladi;

•    aholi punktlari bosh rejalarining jamoat muhokamasini tashkil etish mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklanadi.

9. Qishloq vrachlik punkti oilaviy shifokor punkti deb, qishloq va shahar oilaviy poliklinikasi esa oilaviy poliklinika deb qayta nomlanib, ularda tunu kun navbatchi tibbiyot xodimi xizmat ko‘rsatadi.

Oilaviy shifokor va boshqa tibbiyot xodimlari faoliyati samaradorligi bo‘yicha yangi reyting tizimi joriy qilinadi hamda uning natijalariga qarab ushbu xodimlar har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Shuningdek, tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi boshlig‘iga ajratilayotgan mablag‘lar doirasida, zaruriyatga qarab, tor soha shifokorlari shtatlarini mustaqil belgilash vakolati beriladi.

10. Tuman (shahar) kesimida tuzilgan reytingda birinchi o‘rinni egallagan umumta’lim muassasalari direktorlari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 10 baravari miqdorida bir martalik rag‘batlantiriladi.

Xalq ta’limi bo‘limi mudirlari va metodistlariga, umumta’lim muassasalari direktorlariga hamda tuman (shahar) kesimida tuzilgan reytingda birinchi beshta o‘rinlarni egallagan umumta’lim muassasalarining 2 nafar o‘qituvchilariga sanatoriylarda dam olish uchun bepul yo‘llanmalar beriladi.

11. Tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yanada oshirish orqali jamoat salomatligini ta’minlash maqsadida 40 va undan yuqori yoshdagi fuqarolarda yurak qon-tomir xavfini (gipertoniya, infarkt, insult, qandli diabet va boshqa xavf omillarini) aniqlash bo‘yicha tizimli ravishda skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi.

12. Har bir umumta’lim muassasasida Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi joriy etiladi. Mazkur lavozimga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tavsiya etilgan taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlar, oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy gumanitar kafedralari professor va o‘qituvchilari jalb qilinadi.

13. Olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan ishlashga kelgan oliy ma’lumotli mutaxassislarga BHMning 50 baravarida (11 mln 150 ming so‘m) bir martalik boshlang‘ich yordam puli va ijarada turganlik uchun BHMning 2 baravarida (446 ming so‘m) har oylik pul kompensatsiyasi beriladi.

14. Davlat oliy ta’lim tashkilotlariga kirish uchun test sinovi topshiriqlari davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari asosida tuzilib, test sinovi materiallarining ma’no-mazmuni umumiy o‘rta ta’lim tizimidagi fanlarning o‘quv dasturlariga moslashtiriladi.

15. O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarga pasport o‘rniga ID-karta ko‘rinishidagi shaxsni tasdiqlovchi hujjat berish boshlanadi. Bunda fuqarolarning biometrik pasportlarini ID-kartalarga almashtirish 2022 yil 31 dekabrgacha ixtiyoriylik asosida, 2023 yil 1 yanvardan 2030 yil 31 dekabrgacha majburiy tartibda amalga oshiriladi. 2011 yilgi namunadagi biometrik pasport 2031 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.

16. Ixtisoslashtirilgan maktablarning kimyo va biologiya fanlari o‘qituvchilarining bilimi va pedagogik mahoratini baholash natijalaridan kelib chiqib ixtisoslashtirilgan maktablarga va ixtisoslashtirilgan tayanch maktablarga qabul qilingan kimyo va biologiya fanlari o‘qituvchilari hamda rahbar kadrlari (direktor va ixtisoslashgan fan bo‘yicha direktor o‘rinbosari)ning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan amalda belgilangan ustama haqi miqdori 50 foizgacha oshiriladi.

17. Fuqarolar vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga turish yuzasidan o‘zlariga qulay bo‘lgan tuman (shahar) ichki ishlar organlari yoki Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.

18. Videokuzatuv va tasvirga olish texnika vositalari hamda mobil qurilmalar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari aks etgan videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

19. 2021 yil 1 yanvardan boshlab foydalanish muddati 15 yildan ortiq bo‘lgan avtobuslarda yo‘lovchilarni tashish taqiqlanadi.

20. Jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtotransport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tadbirkorlik sub’ektlari (yuridik shaxslar) tomonidan amalga oshirilishi mumkinligiga oid hujjat kuchga kiradi.

21. 2023 yil 1 yanvarga qadar ro‘yxat bo‘yicha chetdan olib kirilayotgan urug‘lar, ko‘chatlar va payvandtaglar, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni kimyoviy himoyalash vositalari, zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar va ularning butlovchi qismlari, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari hamda ularning butlovchi qismlari bojxona bojidan ozod etiladi.

22. Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijga chiqib ketayotgan shaxslar ishga yuborilishidan oldin davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasb-hunarga o‘qitiladi.

23. O‘zbekiston va xorijiy davlatda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan maishiy tusdagi ofatlar (ofatlar) yuz berganligi oqibatida jismoniy shaxslarning aybisiz yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan hujjatlarni tiklashda ular davlat boji va yig‘imlardan ozod qilinadi.

24. Davlat ijrochisi lavozimiga yangi tayinlangan shaxslarga Bosh prokuratura Akademiyasida maxsus dastur bo‘yicha boshlang‘ich tayyorgarlik kurslarini o‘taganidan so‘ng o‘z xizmat vazifalariga kirishishga ruxsat beriladi.

25. “O‘zgidromet” va “Meteoinfokom” xodimlarining lavozim maoshlarini hisoblashda Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashda tarif koeffitsiyenti ikki baravar oshirilgan holda qo‘llanadi, shuningdek, ushbu xodimlarga sohada uzoq muddat xizmat qilgani uchun oylik ustama haq to‘lanadi.

26. Avtomototransport vositasi konstruksiyasini va (yoki) uning qismini o‘zgartirish bilan bog‘liq faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnomani taqdim etish va avtomototransport vositasini qayta jihozlashga ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizom kuchga kiradi.

27. Markaziy telekanallarda “Tilga e’tibor”, “Ona tilida so‘zlashamiz”, “Notiqlik mahorati”, “Til – millat ko‘zgusi”, “Kitob bilim manbai”, “Bilimli yoshlar — kelajak bunyodkori” kabi turkum ko‘rsatuv va eshittirishlar tashkil qilinib, muntazam ravishda efirga uzatib borilishi yo‘lga qo‘yiladi.

28. Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish uchun majburiy to‘lov tariflarini tasdiqlash tartibi o‘zgaradi. Bundan tashqari, aholi tomonidan yuborilgan ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar ko‘rib chiqiladi hamda ularni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarimaning 15 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

29. Yashirin iqtisodiyot darajasini pasaytirish maqsadida:

•    2022 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatga umumiy ovqatlanish sohasidagi kichik tadbirkorlik sub’ektlarining bank kartalari va kontaktsiz to‘lovlardan foydalangan holda jismoniy shaxslardan olingan daromadlari umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga majburiy tartibda o‘tish maqsadida umumiy daromadga kiritilmasligi tartibi joriy etiladi;
•    rieltorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 25 foizdan 13 foizgacha pasaytiriladi;
•    qurilish korxonalariga hisobot davri uchun mehnatga haq to‘lash fondi jami miqdorining 10 foizidan oshmagan hajmda (ijtimoiy soliq summasini hisobga olmaganda) ish haqini naqd pulda to‘lash huquqi bilan shartnoma tuzmasdan muddatli ravishda ishchilar yollashga ruxsat beriladi.

30. Davlat ishtirokidagi korxonalarning rasmiy veb-sayti bo‘lishi, unda iqtisodiy, moliyaviy va boshqa statistik ma’lumotlarning, shu jumladan, har chorakda yillik biznes-rejaning bajarilishi va rivojlanish strategiyalarida nazarda tutilgan dasturlarning natijalari to‘g‘risidagi hisobotni joylashtirish majburiy bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

1 yanvar'

Baholaganlar

799

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing