1 yanvardan nimalar o‘zgaradi?

Jamiyat

image

2022 yil 1 yanvardan O‘zbekiston qonunchiligida qator o‘zgarishlar kuchga kiradi. “Norma” yangi yildan kuchga kiradigan asosiy o‘zgarishlar haqida qisqacha ma’lumot berdi.

Soliq solishda nimalar o‘zgaradi

Mahalliy ishlab chiqarilgan uzum va meva-rezavorlardan tayyorlangan tabiiy ravishda achitilgan tabiiy vino (etil spirti qo‘shilmagan holda) va ko‘piklanadigan vinoning 1 daliga aksiz solig‘i 1 so‘m etib belgilandi.

“Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalar mablag‘lari alkogol mahsulotlarining (pivo va tabiiy vino bundan mustasno) ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar sof tushumining ajratmalari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.

Alkogol mahsulotlarining (pivo va tabiiy vino bundan mustasno) ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar sof tushumidan ajratmalar miqdori 5%dan 3%ga pasaytiriladi. Ular byudjetga to‘lanadigan soliq va yig‘imlarga tenglashtiriladi, soliq organlari tomonidan undiriladi va import qilinadigan alkogol mahsulotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

2023 yil 1 yanvarga qadar respublika tumanlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlariga belgilangan ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravarga pasaytiriladi.

QQSning salbiy summasini qoplash (qaytarish) uchun soliq organlariga ariza bilan alohida murojaat qilish haqidagi majburiy talab bekor qilinadi.

Soliq to‘lovchi tegishli soliq davri uchun soliq hisobotini topshirishda, soliq organlarini xabardor etgan holda QQS salbiy summasini qoplash (qaytarish) talabini bildirishga haqli.

Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik to‘lanmaganda, soliq yoki bojxona organlari bankka to‘lovchining hisobvaraqlaridagi qarzdorlik summasiga teng miqdordagi pul mablag‘larini muzlatib qo‘yish va ularni 30 kalendar kunidan so‘ng undirish to‘g‘risidagi farmoyishni bu haqda to‘lovchini xabardor qilgan holda yuboradi.

Uyali aloqa operatorlari uchun uyali aloqa xizmatlariga solinadigan aksiz solig‘i stavkasi 10%gacha pasaytiriladi.

Tekshiruvlar qanday amalga oshiriladi

Nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini belgilangan tartibda tasdiqlangan savolnoma bo‘yicha tekshiradi.

SSP a’zosi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektining faoliyatini tekshirishda ushbu tadbirkorlik sub’ekti roziligi bilan SSP xodimlari ishtirok etadi.

Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlarni o‘tkazishga qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilishining oldini olish bo‘yicha profilaktika tadbirlari belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng yo‘l qo‘yiladi. Bundan soliq tekshiruvlari, jinoyat ishlari va tezkor-qidiruv faoliyati doirasida, shuningdek, qonunchilik hujjatlari buzilishi haqidagi murojaatlar va ma’lumotlar asosida o‘tkaziladigan tekshiruvlar mustasno.

Moliyaviy sanksiyalar quyidagi hollarda bekor qilinadi:

  • kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar uchun;
  • tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan soliq hisobotini belgilangan muddatlarda taqdim etmaganlik uchun.

Bojxona tartib-taomillari soddalashtiriladi

Ortiqcha to‘langan yoki undirilgan bojxona to‘lovlarini bojxona organlari tomonidan qaytarish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingandan so‘ng ushbu mablag‘lar TIF ishtirokchisiga uch ish kuni davomida qaytariladi.

Bojxona to‘lovlarini kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashning eng kam muddati 14 kun etib belgilanadi. Ushbu muddatda foizlar undirilmaydi, bunda kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashning eng kam muddatidan ortganda to‘liq davr uchun foizlar hisoblanadi.

Qo‘shimcha hisoblangan bojxona to‘lovlarining undirilmaydigan va qaytarilmaydigan miqdori BHMning 20%igacha etib belgilanadi.

Tovarlarning TIF tovarlar nomenklaturasi bo‘yicha kodini aniqlash yuzasidan bojxona organi tomonidan tayinlangan ekspertiza yakunlangunga qadar tovarlarni bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta’minlash orqali shartli chiqarib yuborish amaliyoti joriy etiladi.

Zaharlilik darajasi "Yevro-4" ekologik toifa talablariga mos kelmaydigan gaz, benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan "M" va "N" toifalaridagi g‘ildirakli transport vositalaridan foydalanish va ularni sotish maqsadida "vaqtincha olib kirish" va "erkin muomala (import) uchun chiqarish" bojxona rejimiga joylashtirish taqiqlanadi.

Pensiyalar to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi

Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladigan pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa to‘lovlarni to‘lash tijorat banki va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Pensiya va nafaqalarni mahalla fuqarolar yig‘ini binosi yoki fuqaroning yashash manziliga yetkazib berish shartlaridan kelib chiqib, xizmat haqi differensiyalashgan tartibda pensiya va nafaqalar to‘lanadigan (yetkazib berilgan) summaning 1%igacha miqdorda bo‘lishi mumkin. Pensiya va nafaqalarni yetkazib berish bilan bog‘liq xarajatlar Pensiya jamg‘armasi va respublika byudjeti tomonidan to‘lab beriladi.

Sog‘liqni saqlash sohasida shtat birliklari kengaytiriladi

Oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda “tibbiyot brigadalari” faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, aholiga yanada sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish qamrovini kengaytirish uchun qo‘shimcha 10 mingta o‘rta tibbiyot xodimlari shtatlari ajratiladi.

Markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan amaldagi koykalar fondining 10%i to‘lov asosida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga ta’minlanadigan koykalar fondiga o‘tkaziladi.

Paralimpiyachilar uchun kollejlarda qo‘shimcha kvotalar

Olimpiya zaxiralari kollejlarining paralimpiya sport turlari bo‘limlariga yuborilayotgan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan sportchilar uchun 5%gacha qo‘shimcha kvotalar ajratiladi.

Davlat sport ta’lim muassasalarida paralimpiya sport turlari bo‘yicha trenerlarning lavozim maoshini hisoblashda bazaviy tarif stavkalari 1,5 baravar miqdorda qo‘llaniladi.

Chet tilini bilganlik uchun - ustama

Xorijiy tillardan milliy va xalqaro sertifikatga ega davlat boshqaruv idoralarining barcha bo‘g‘inlari xodimlariga lavozim maoshiga nisbatan 20%gacha qo‘shimcha ustama tashkilotlarning byudjetdan tashqari hamda ish haqi fondi doirasida byudjet mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Boshqaruvchi kompaniyalar oldidagi qarzdorlik shartnomada ko‘rsatiladi

Notarial idoralar tomonidan mulkdorlarning boshqaruvchi oldida qarzdorligi mavjud bo‘lgan taqdirda, uning miqdori uy-joylarga bo‘lgan mulk huquqini rasmiylashtirishda tegishli shartnomada aks ettiriladi. Yangi mulkdor ushbu qarzdorlik haqida ogohlantiriladi.

Konsertga faqat NKM cheki bilan

Namoyish ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan namoyish ob’ektlarida chiptalar savdosini tegishli yagona elektron tizimga integratsiya qilmagan holda amalga oshirish NKM va hisob-kitob terminallarini qo‘llash tartibini buzish deb baholanadi.

Davlat xizmatchilari daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldiradilar

Davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50%dan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulki deklaratsiya qilinishi kerak bo‘ladi.

Davlat xizmatchilariga respublika hududidan tashqarida hisobraqamlar ochish va egalik qilish, naqd pul mablag‘larini saqlash, ko‘chmas va boshqa mol-mulkka ega bo‘lish taqiqlanadi (xorijda ishlayotgan davlat xizmatchilari va davlat xizmatiga kirishdan oldin olingan mol-mulk bundan mustasno).

Avtomototransport vositasini ijaraga berish shartnomasi - notarial tasdiqlashsiz

Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan avtomototransport vositalarini elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksion yo‘li bilan ijaraga berishda shartnomalarni notarial tasdiqlash talabi bekor qilinadi. Bunda elektron onlayn-auksion natijasiga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega bo‘ladi.

Taqdim etiladigan ma’lumotlar soni kamayadi

Davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat tashkilotlari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik sub’ektlaridan bir qator ma’lumotlar va hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi.

Sud tizimi raqamlashtirilmoqda

Sud qarorlari taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo‘yicha esa qog‘oz shaklida taqdim etiladi.

Sudyalar oliy maktabiga uning rasmiy sayti orqali ariza va murojaatlar yo‘llanadi. Professor-o‘qituvchilar va tinglovchilarning elektron reytingi, shuningdek sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash doirasida va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish kurslari tinglovchilarining o‘quv jarayonini onlayn tarzda nazorat qilish tartibi joriy etiladi.

Tugallanmagan qurilishni moliyalashtirish to‘xtatiladi

Qurilish-montaj ishlari yakunlanganligi to‘g‘risida qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalarining foydalanishga ruxsati olinmagan ob’ektlarni joriy saqlash uchun Davlat byudjetidan mablag‘lar ajratilishi taqiqlanadi.

Majburiyatlarini bajarmagan shaxslar bilan yer ijarasi shartnomalari bekor qilinadi 

Ko‘p tarmoqli faoliyatni o‘zlashtirmagan fermer xo‘jaliklari bilan tuzilgan yer ijarasi shartnomalari qonun hujjatlariga muvofiq bekor qilinadi.

Qarzdorning mol-mulki kim oshdi savdosida sotiladi

Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn auksionda sotuvga qo‘yilgan mol-mulk uni sotishdan tushgan pul mablag‘lari hisobidan auksion g‘olibiga qarzlarsiz va taqiqlardan yechilgan holda topshiriladi. Bunda, mol-mulkni sotishdan tushgan pul mablag‘lari yetarli bo‘lmaganda qarzdorlikni to‘lash majburiyati uning sobiq egasi – qarzdor zimmasida qoladi.

Shartnomaning tarafi ikkinchi tarafdan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni to‘la yoki qisman bajarishini qabul qilgan yoxud shartnomaning amal qilishini boshqacha tarzda tasdiqlaganda, ushbu shartnomani keyinchalik haqiqiy emas deb topishni talab qilishga, agar bunday talab halollik prinsipiga zid bo‘lsa, haqli emas.

Kommunal xizmatlar ko‘rsatish shartnomalarni monopoliyaga qarshi kurashish organi tekshiradi

Kommunal soha, energiya bilan ta’minlash, aloqa xizmati, yo‘lovchi va yuklarni tashish va boshqa shu kabi katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan sohalarda tabiiy monopoliya sub’ektlari tomonidan ishlab chiqilgan ommaviy shartnomalar monopoliyaga qarshi kurashish organi bilan kelishilganidan so‘ng iste’molchilar bilan tuziladi.

Davlat xizmatlari soni ko‘payadi

Davlat xizmatlari markazlari orqali quyidagi xizmatlar amalga oshiriladi:

O‘zbekiston fuqarosi, respublikada doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasini hamda O‘zbekiston fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish;
jismoniy shaxslarga ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi malaka sertifikatlarini berish hamda ularni ushbu maqsadda attestatsiyadan o‘tkazish.


Maqola muallifi

Teglar

1 yanvar'

Baholaganlar

1252

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing