O‘zbekistonlik taekvondochilar tarixiy natija qayd etdi
Sport
−
27 iyun 2022
8705Bugun, 27 iyun kuni Janubiy Koreyaning Chunchon shahrida taekvondo bo‘yicha XXV Osiyo chempionati yakuniga yetdi.
So‘nggi kungi bahslarda -80 kg vazn toifasida janglarda ishtirok etgan Shuhrat Salayev qit’a chempionligini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonlik taekvondochi finalda Tokio-2020 Olimpiadasi kumush medal sohibi iordaniyalik Solih al-Sharabati bilan to‘qnash keldi. Birinchi raundda Salayevning, ikkinchi bo‘limda raqibning g‘alabasi qayd etildi. Hal qiluvchi raundda Salayev 0:5 hisobida ortda borayotganiga qaramasdan kuchli xarakter ko‘rsatib, 8:7 hisobida bellashuv taqdirini o‘z foydasiga hal qila oldi. Ayniqsa, so‘nggi 2 soniyada 2 ochkolik zarba bilan g‘alabani “ilib” ketgani butun musobaqaning eng dramatik lahzasi bo‘ldi, deyish mumkin.
Quvonarlisi, Osiyo chempionatida O‘zbekiston taekvondo terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etdi va jami 4 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Ulug‘bek Rashitov, Jasurbek Jaysunov, Nikita Rafalovich va Shuhrat Salayev barcha raqiblarini mag‘lub etib, Osiyo chempioni degan nomga sazovor bo‘lishdi. Bungacha mustaqil O‘zbekiston tarixida hech qachon Osiyo chempionatida 4 ta oltin medal qo‘lga kiritilmagan.
Yana bir faxrlanadigan jihat, o‘zbekistonliklar taekvondo vatanni bo‘lgan va Osiyo chempionatiga mezbonlik qilgan Koreya sportchilarni oltin medallar soni bo‘yicha dog‘da qoldira olishdi va umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashdi.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi