O‘zbekistonlik sportchilar Osiyo o‘yinlarining navbatdagi kunida qanday natija qayd etdi?

Sport

Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarining navbatdagi kuni o‘z yakuniga yetdi. Bugun, 3 oktyabr kuni o‘zbekistonlik sportchilar delegatsiya hisobiga 7 ta: 3 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘shib qo‘ydi. 

O‘zbekiston delegatsiyasiga kunni ilk medalini Olga Zabelinskaya keltirdi. Veloshossening shaxsiy poyga dasturi bahslarida ishtirok etgan Zabelinskaya marra chizig‘ni birinchi bo‘lib kesib o‘tdi va 24:36.99 daqiqa natija bilan oltin medalga loyiq ko‘rildi. 

Kun hisobidan ikkinchi oltin medali esa 1000 metrga kanoyechi yigitlar o‘rtasida kechgan poygada Shohmurod Xolmurodov hamda Nurislom To‘xtasin o‘g‘li juftligiga nasib qildi. 

Yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Safina Sadullayeva hamda Svetlana Radzivil balandlikka sakrash dasturida medallar uchun kurash olib bordi. Ahamiyatlisi, oltin va kumush medallar har ikki o‘zbekistonlik atletga nasib etdi.

Sadullayeva musobaqaning oltin, Radzivil esa kumush medali sohibiga aylandi. Kuchli uchlikni qozog‘istonlik Nadejda Dubovitskaya yakunlab berdi.

E’tiborlisi, g‘olib va sovrindorlar bir xil 1.86 metr natija qayd etishgan. Shohsupadagi o‘rinlar urinishlar soniga qarab taqsimlandi.

Bokschi Nigina O‘ktamova yarim finalda shimoliy koreyalik raqibasiga imkoniyatni boy berib, bronza medali bilan kifoyalandi.

-54 kg vazn toifasida qatnashgan Nigina O‘ktamova KXDR vakilasi Cholmi Pangga qarshi jang qildi va 0:5 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Shu tariqa, u Osiyo o‘yinlarini bronza medali bilan yakunladi. Ma’lumot uchun, Nigina O‘ktamova Parij Olimpiadasi uchun litsenziyani qo‘lga kiritib ulgurgan.

Shuningdek, bugun baydarka va kanoeda eshkak eshish bahslarida ayollar jamoasi ham ishtirok etdi. 200 metrga kanoeda eshkak eshish bo‘yicha juftlik bahslarida startga chiqqan Shohsanam Sherzodova va Nilufar Zokirova juftligi bronza medaliga ega chiqdi.

Baydarkada eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi esa 500 metrga kechgan dasturda 3-o‘rin bilan kifoyalandi. Shahrizoda Mavlonova, Arina Tanatmisheva, Yekaterina Shubina hamda Yuliya Borzova kvarteti marra chizig‘ini uchinchi bo‘lib kesib o‘tdi va bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Shu tariqa O‘zbekiston delegatsiyasi jami 50 medal (14 ta oltin, 15 ta kumush, 21 ta bronza) jamg‘argan holda umumiy reytingning 5-pog‘onasini band etib turibdi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Xitoy Osiyo o'yinlari Ol'ga Zabelinskaya Svetlana Radzivil Safina Sadullaeva Shohmurod Xolmurodov Nurislom To'xtasin o'g'li

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing