O‘zbekistonlik migrantlarga kompensatsiya to‘lanadi
Jamiyat
−
22 aprel 16375 2 daqiqa
Endilikda O‘zbekistonda mehnat migrantlarining ishchi viza, til sertifikati va yo‘l chiptasi olishi uchun kompensatsiya to‘lanadi. Bu haqda bugun, 22 aprel kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarorida so‘z boradi.
Qarorga ko‘ra, “Xorijga ishga tayyorlash markazi” tashkil etiladi va unda “Yagona darcha” tamoyili asosida mehnat migratsiyasiga doir xizmatlar ko‘rsatiladi.
Shuningdek, yo‘lovchi avtobuslar sonini ko‘paytirish orqali xorijga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan va qaytayotgan fuqarolarni tashishda arzon va tartibli transport qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Qaror bilan “Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan hamda mehnat migratsiyasida bo‘lgan fuqarolarga subsidiya, kompensatsiya va kreditlar ajratish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, “Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan holda mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga quyidagi xarajatlarni qoplash bo‘yicha subsidiya va kompensatsiyalar ajratiladi, jumladan:
- chet tillari va (yoki) kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish xarajatlarini qoplash uchun, ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda – BHM ning 3 baravarigacha (1 mln 125 ming so‘m);
- xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 5 baravarigacha (1 mln 875 ming so‘m);
- yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun – BHMning 2 baravarigacha miqdorda (750 ming so‘m);
- nemis, ingliz, yapon va koreys tillari bo‘yicha kamida B1 yoki unga tenglashtirilgan darajadagi xalqaro sertifikat olgan bitiruvchilari eng ko‘p bo‘lgan 50 nafargacha o‘qituvchiga – 50 million so‘m miqdorida.
Vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda rivojlangan mamlakatlarga chiqib ketayotgan fuqarolarga tijorat banklari tomonidan 10 million so‘mgacha Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz bandga yuqori stavkada 2 yil muddatga mikrokreditlar ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Koreya Respublikasi elchisi Von Do Yon bilan uchrashuv o‘tkazib, O‘zbekiston va Janubiy Koreya viza talablarini soddalashtirish va o‘zbekistonlik mavsumiy ishchilar uchun qulay imkoniyatlarni yaratish masalalarini muhokama qilgandi.
Live
Barchasi