O‘zbekistonlik migrantlarga qaysi davlatda talab yuqori?
Jamiyat
−
16 Sentabr 2020
13828Xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining aniq statistikasi mavjudmi? o‘zbekistonlik migrantlar asosan qaysi davlatlarga chiqmoqda va kimlar ish topishda muammolarga duch kelmoqda? Bu kabi savollar bilan QALAMPIR.UZ Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshlig‘i Azim Axmatovga yuzlandi.
Uning ta’kidlashicha, butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham aniq raqamlar mavjud bo‘lmagan. Oxirgi yillarda olib borilgan ishlar natijasida biroz bo‘lsa-da haqiqatga yaqin statistik ko‘rsatgichlarni shakllantirishga erishilgan.
“Bugungi kunda xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarimizning soni o‘rtacha 2 million atrofida. Shundan 1 million 500 mingdan ortig‘i Rossiyada, 200 mingga yaqin fuqarolar Qozog‘istonda, 70 mingga yaqini Koreyada mehnat qilmoqda”, deydi Azim Axmatov.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston fuqarolarining chet davlatlarga ishga chiqib ketishida ma’lum qiyinliklar mavjud. Ayrim davlatlar migrantlardan kirish vizasini, boshqalari esa ishlash vizasini talab qiladi. Tabiiyki, o‘zbekistonlik migrantlarning asosiy qismi viza talab etilmaydigan, ortiqcha hujjatbozliklardan xoli mamlakatlarga kirib bormoqda. Bularga Qozog‘iston, Rossiya va MDHning boshqa davlatlari kiradi.
Azim Axmatovga ko‘ra, Rossiya va Qozog‘istonda qurilish ishlari ko‘p bo‘lgani sababli, erkaklarga talab yuqori. Uy xizmatchilari va enagalarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklarida ayollar uchun ish topish va ishga joylashish oson.
Ma’lumot o‘rnida, ayni vaqtda Rossiyaning Yekaterinburg shahrida 90 mingga yaqin, Novosibirskda 200 ming, Samarada 100 ming nafar, Ufada 70 ming nafar, Chimkent 100 ming, Istanbulda 300 ming o‘zbekistonlik ishlamoqda.
Ahrorbek Hayrullayev
LiveBarchasi