O‘zbekistonlik dzyudochilar “Katta Dubulg‘a” turnirini top-3'da yakunladi
Sport
−
04 mart
4524Joriy yilning 1-3 mart kunlari Toshkent shahrida dzyudo bo‘yicha “Katta Dubulg‘a” turniri bahslari bo‘lib o‘tdi. Musobaqa yakunlariga ko‘ra, mezbon jamoa vakillari jami 6 ta medalga ega chiqib, bahslarni kuchli uchlikda yakunladi.
3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalliga ega chiqqan Fransiya terma jamoasi 1-o‘rinni, 2 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza medali bilan dzyudo vatani Yaponiya 2-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston vakillaridan -60 kg da Doston Ro‘ziyev, -100 kg vaznda esa Muzaffarbek To‘raboyev oltin medalga ega chiqib, Parij-2024 Olimpiadasi yo‘lida 1000 reyting ochkosini qo‘lga kiritdi.
Mezbonlar hisobiga turnirdagi yagona kumush medalni ayollar o‘rtasida -52 kg da o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazgan Gulhayo Jo‘rayeva qo‘shib qo‘ydi. Shuningdek, Jo‘rayeva 700 reyting ochkosini ham rasmiylashtirdi.
-73 kg da Shahram Ahadov va Obidxon No‘monov, -90 kg vazn toifasida Davlat Bobonov musobaqada shohsupaning 3-pog‘onasidan joy egallashdi.
Ma’lumot uchun, endi O‘zbekiston terma jamoasi 8-10 mart kunlari Avstriyada bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Gran-Pri turnirida ishtirok etadi.
LiveBarchasi