O‘zbekistonlik dzyudochi 12 yillik tanaffusdan so‘ng nufuzli turnirda g‘olib bo‘ldi
Sport
−
07 avgust 2023
5778Vengriyaning Budapesht shahri mezbonlik qilgan dzyudo bo‘yicha “Masters” turniri yakunlandi. -100 kg vaznda bahslarda ishtirok etgan O‘zbekiston vakili Muzaffarbek To‘raboyev oltin medalga ega chiqdi.
To‘raboyev turnirdagi dastlabki bahsida ikki karra Olimpiada va jahon chempioni Lukash Krpalek ustidan g‘alaba qozondi. Shuningdek, o‘zbekistonlik dzyudochi Sheydi Elnaxas (Kanada), Mixael Korrel (Niderlandiya) va Boyan Dosen (Serbiya) kabi sportchilardan ustun keldi. Finalda To‘raboyev isroillik Peter Paltchikni mag‘lub etdi.
“Masters” turniridagi g‘alaba orqali To‘raboyev 1800 reyting ochkosiga ham ega bo‘ldi.
Musobaqa davomida o‘zbekistonlik sportchilardan -90 kg vazn toifasida Davlat Bobonov, ayollar o‘rtasida -52 kg da Diyora Keldiyorova shohsupaning 3-pog‘onasidan joy oldi.
Qayd etish joiz, yilda bir bora o‘tkaziladigan “Masters” musobaqasida o‘zbekistonliklardan so‘nggi bor 2011 yilda Rishod Sobirov g‘alaba qozongan edi. Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi bu yilgi turnirni 1 ta oltin va 2 ta bronza medali bilan yakunladi.
LiveBarchasi