O‘zbekistonlik ayolni dahshatli tarzda o‘ldirgan turk eriga umrbod qamoq jazosi berildi

3-sahifa

image

Joriy yilning 23 mart kuni Turkiyaning Istanbul shahri Bog‘chaliuylar tumanida yashagan o‘zbekistonlik 40 yashar Umida To‘laganova o‘zi bilan birga yashagan 61 yoshli Riza Beler tomonidan tosh bilan urib o‘ldirilgani hamda ayolning jasadi bo‘laklarga bo‘linib, muzlatgichga joylangani ma’lum bo‘lgandi. Ushbu dahshatli jinoyat ishi bo‘yicha boshlangan sud majlisi yakunlanib, qotil “ayol kishini reja tuzib, qasddan o‘ldirish” ayblovi bilan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda mahalliy nashrlar yozmoqda. 

Bakirko‘y tumani 2-Og‘ir jinoyatlar sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida hibsdagi sudlanuvchi Riza Beler va uning advokati ishtirok etgan. 

Sud majlisida davlat ayblovchisi o‘z fikrini mazmunan tushuntirgan. Uning qayd etishicha, Riza Beler va u bilan 3 yil birga yashagan marhum Umida To‘laganova o‘rtasida vaqti-vaqti bilan janjal kelib chiqqan. Ayblov xulosasida Beler To‘laganovani o‘ldirish rejasini tuzib, voqea sodir bo‘lgan kundan 3 oy oldin uyga piyodalar yo‘lagiga yotqiziladigan “bruschatka” toshidan olib kelgani, voqea sodir bo‘lgan kuni sudlanuvchi Umida To‘laganova bilan uyga boshqa erkakni kiritgani sababli janjallashgani, keyin ayolning boshi, yuz va bo‘yin sohalariga o‘sha tosh bilan urib o‘ldirgani aytilgan.

Beler jabrlanuvchining qo‘llarini bo‘g‘im joyidan kesib, muzlatgichga qo‘ygan.

Prokuror Riza Beler ayolni qasddan o‘ldirgani uchun suddan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosiga hukm qilishni so‘radi. 

Sudda so‘nggi so‘zini aytgan Beler, voqeadan chuqur afsusdaligini bildirgan va oqlashlarini so‘ragan. 

Sud hay’ati Riza Belerni “ayol kishini reja tuzib, qasddan o‘ldirish” ayblovi bilan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan. Sudlanuvchiga berilgan jazo yaxshi xulq-atvor kabi sabablar bilan qisqartirilishi taqiqlangan.  

Eslatib o‘tamiz, dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, voqea joriy yilning 23 mart kuni ertalab soat 05:30 da 4 qavatli turar-joy binosining 3-qavatidagi xonadonda sodir bo‘lgan. Riza Beler uzoq vaqt birga yashagan Umida To‘laganovaga bankdan 17 ming turk lirasi (taqriban 891 AQSH dollari) kredit olganini aytgan. Ikkovi o‘rtasida kredit qarzi va oldingi qarzlar yuzasidan kelishmovchilik chiqqan. Janjaldan so‘ng Riza Beler To‘laganovani tosh bilan o‘ldirib, jasadini bo‘laklab tashlagan. Beler Umidaning kesilgan bo‘laklarini axlat qoplariga solib, muzlatgichga qo‘ygan.

Er-xotinning uyidan janjal ovozlarini eshitgan qo‘shnilar politsiyaga xabar bergan. Chaqiriq bo‘yicha uyga kelgan politsiya guruhlari o‘ldirilgan ayolning jasadini muzlatgichdan topib, gumondor Riza Belerni qo‘lga olgan. Holat bo‘yicha boshlangan tergov-surishtiruv jarayonida ma’lum bo‘lishicha, marhuma To‘laganova gumonlanuvchi Riza Beler bilan ancha vaqtdan beri kelisholmay yurgan. Shu sabab Beler ayolni o‘ldirishni rejalashtirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing