O‘zbekistonlik 7 nafar og‘ir atletikachi doping sabab 4 yilga diskvalifikatsiya qilindi
Sport
−
15 aprel 2021
7721O‘zbekistonlik 7 nafar og‘ir atletikachi doping sabab 4 yilga musobaqalardan chetlashtirildi. Bu to‘g‘rida O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi xabar berdi.
Agentlik huzuridagi Ahloq bo‘yicha komissiyasining qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston og‘ir atletika bo‘yicha terma jamoasi a’zolari:
- Mansur Almurodov (73 kg);
- Shaxmerdan Kemalov (+109 kg);
- Hayotbek Zokirov (96 kg);
- Mahmudbek Yusupov (+109 kg);
- Hikmatullo Fazliddinov (81 kg);
- Fozilbek Jumanazarov (96 kg);
- Xudoyor Melikuziyev (67 kg) larga 4 yillik diskvalifikatsiya jazosi tayinlandi.
Ushbu sportchilar 2020 yil 15 oktyabr kuni Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston chempionati davomida doping-test topshirish uchun tanlangan bo‘lib, ularning doping-sinamalarida S.1 – Anabolik steroid gormonlar guruhiga mansub metandiyenon, metasteron, testosteron, kanrenon kabi taqiqlangan moddalar aniqlangan.
Qayd etilishicha, sportchilarning diskvalifikatsiya muddati 2021 yil 31 martdan boshlanib, 2025 yil 30 martga qadar davom etadi.
Shuningdek, sportchilarning 2020 yil 15 oktyabrdan boshlab olgan barcha medal va boshqa sovrinlari hamda reyting ochkolari bekor qilinadi.
LiveBarchasi