O‘zbekistonlik hakamlar mundialda qatnashadi
Sport
−
09 aprel 1342 1 daqiqa
Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar brigadasi joriy yilda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etadi. Bu haqda FIFA tomonidan e’lon qilingan musobaqa rasmiylari ro‘yxatida keltirilgan.
Unga ko‘ra, AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida o‘tadigan mundialda Ilgiz Tantashev yordamchilari – Andrey Sapenko hamda Timur Gaynullin bilan birga o‘yinlarni boshqarib boradi.
“FIFA Team One tarkibiga barcha oltita konfederatsiya va 50 ta a’zo assotsiatsiyadan kelgan 52 nafar hakam, 88 nafar yordamchi hakam va 30 nafar video-o‘yin rasmiylari (VAR) kiritilgan bo‘lib, bu FIFA Jahon chempionati tarixidagi eng keng qamrovli hakamlar jamoasidir. Tayinlovlar FIFA’ning ko‘p yillik “birinchi navbatda sifat” tamoyili asosida amalga oshirildi, bunda nomzodlarning so‘nggi yillardagi FIFA turnirlarida, shuningdek, xalqaro va ichki musobaqalarda ko‘rsatgan natijalarining barqarorligi hisobga olindi”, deyiladi tashkilot xabarida.
Ma’lumot uchun, bungacha o‘zbekistonlik hakam Ravshan Ermatov ketma-ket uchta – 2010 (Janubiy Afrika), 2014 (Braziliya) va 2018 (Rossiya) yilgi Jahon chempionatlarida ishtirok etgan. Bu hakamlar orasida rekord natija hisoblanadi.
Mundial 11 iyunda boshlanadi va 19 iyulda yakuniga etadi. Turnirda ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etadi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2026 ning “K” guruhida Portugaliya, Kolumbiya Kongo DR jamoalari bilan bahs olib boradi.
Live
Barchasi