O‘zbekistonga yashirincha o‘q-dori olib kirmoqchi bo‘lganlar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Andijon viloyati bojxona boshqarmasining “Do‘stlik” chegara bojxona postida jangovar o‘qlarning respublika hududiga olib kirishga uringan shaxs ushlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati bosh inspektori Husan Tangiyev QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Bildirilishicha, qo‘shni davlat fuqarosi boshqaruvidagi avtotransport vositasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, salondagi o‘rindiqlar ostiga 7 dona 5,45 mm kalibrli jangovar o‘qlar yashirilganligi fosh bo‘lgan. 

Yana bir holatda esa farzandini bolalar aravachasida yetaklab kirib kelgan ayolning qing‘ir qilmishiga chek qo‘yildi. Ushbu ayol bolalar aravachasining tag qismida hosil qilingan yashirin bo‘lmaga 4,5 mm kalibrli 32 ming dona qo‘rg‘oshin o‘qlarni xufiya tarzda joylashtirib, olib o‘tishga uringan vaqtida to‘xtatib qolindi. 

“Bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ma’lum qilinmagan mazkur o‘qlarning umumiy qiymati 9 mln so‘mdan oshmoqda”, dedi Husan Tangiyev  . 

Ma’lum qilinishicha, respublika bojxonachilari tomonidan joriy yilning dastlabki choragida aniqlangan 42 ta qonunbuzarlik holatlarida 10 dona qurol, 858 dona o‘q, 437 dona gilza, 900  dona kapsula,  8.2 kg drob va 2,4 kilogrammdan ziyod portlovchi moddalar kontrabandasiga chek qo‘yilgan.

O‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda, mazkur yo‘nalishda aniqlangan holatlar soni 16 taga, ushlab qolingan qurollar 2 taga, o‘qlar esa 657 taga ko‘paygan.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Farg‘ona viloyatida “Emmi” laqabli xizmat iti yordamida bojxona chegarasi orqali pnevmatik qurol olib o‘tilishiga chek qo‘yilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Andijon o'q

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing