O‘zbekistonga Volga bo‘yidan salqin va nam havo kirib kelayotgani aytildi
Bu qiziq
−
04 iyul 2022
29948Bugun O‘zbekistonga mamlakat orqali Volga bo‘yi hududlaridan salqin va biroz nam havo massasi kirib keladi va harorat 26-31° gacha pasayadi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 4 iyul kuni O‘zbekiston bo‘yicha havo biroz bulutli bo‘ladi, ba’zi joylarda o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat kechqurun Toshkent viloyati bo‘yicha momaqaldiroq bilan biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor. Bugun kunning o‘rtasiga kelib, termometr ustuni 35-37° ga yetadi. Respublika shimolida Volga bo‘yi hududlaridan salqin va biroz nam havo massasi kirib kelishi boshlanadi va harorat 26-31° gacha pasayadi.
Ertaga, 5 iyul kuni havo massasining kirib kelishi O‘zbekistonning barcha hududlariga tarqaladi. Toshkent, Namangan viloyatlarida, respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida kunning birinchi yarmida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Qolgan hududlarda yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati kunduzi 30-35° dan yuqori bo‘lmaydi.
4-5 iyul kunlari front o‘tishida ba’zi joylarda chang-to‘zonlari bilan shamol 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Respublikaning ayrim joylarida shamol 23-28 m/s gacha kuchayishi mumkin.
6 iyuldan 8 iyulgacha O‘zbekiston bo‘yicha kam bulutli va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 6-7 iyul kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati kechalari 17-22°, kunduz kunlari 30-35° atrofida, janubda 37-39° gacha bo‘ladi.