O‘zbekistonga Afg‘onistondagi vabo kirganmi? Otabekov javob berdi
Salomatlik
−
25 iyul 2022
33865Afg‘onistonda aniqlangan vabo kasalligi O‘zbekistonga kirib kelgani haqida tarqalgan ma’lumotlar mutlaqo yolg‘on. O‘zbekistonda shu paytga qadar biror marta vabo kasalligi aniqlanmagan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, vabo (cholera) ingichka ichakning zararlanishi, intoksikatsiya, umumiy ahvolning og‘irlashuvi va organizmning suvsizlanishi bilan davom etadigan o‘tkir infeksion o‘ta xavfli ichak kasalliklaridan biri hisoblanadi.
Vabo vibrioni daryo suvida 18 kundan 5 oygacha, muzda bir necha oy, ariqlarda bir necha kun, dengiz suvida ikki hafta, sovuq vaqtda najasda bir necha oy, axlat chuqurlarida 3 oygacha, ichki kiyimlarda 2 oy, qum tuproqda bir necha oy, suv havzalarida 15—30 kun, sut va yog‘da bir oygacha, kartoshkada 2 haftagacha, ho‘l mevada bir necha kungacha tirik qolishi mumkin.
Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, vaboning klassik vabo va El-Tor vabosi degan 2 turi bor. Shunga ko‘ra, vabo mikrobi (vibrion deb ataladi) klassik vabo vibrioni va ElTor vibrioni deb ataladigan ikki xilga ajratiladi. Dezinfeksiyalovchi moddalar vibrionni tez o‘ldiradi. Suv qaynatilganda ham vibrion tez o‘ladi.
“Vabo profilaktikasida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, ifloslangan oqava suvlarni muntazam ravishda zararsizlantirish, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarda sanitariya-gigiyena qoida va talablariga qat’iy ravishda amal qilishning ahamiyati katta”, deydi Otabekov.
Eslatib o‘tamiz, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi Qarshi magistral kanalining Qarshi tumanidagi “Mirmiron” MFY hududidan oqib o‘tuvchi qismidan olingan suv namunasida vabo vibrioni aniqlanganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi