O‘zbekistonga shu paytgacha ishonch bo‘lmagani uchun qarz ajratilmagan – Qodirov
Jamiyat
−
07 aprel 2021
8819Bizning bugun cho‘ntagimizda bor pulimiz xohishlarimizni qanoatlantiradigan darajadagi pul emas. Hammamiz yaxshi yashashni xohlaymiz, o‘zimizni pulimiz bilan esa yana 100 yilda bunga erishishimiz mumkin. Shunda ham natijani hech kim kafolatlamaydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov bilan muloqotda ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi umumiy tashqi qarzining hajmi 2020 yil boshiga nisbatan 37,4 foizga yoki 9,2 mlrd. dollarga oshgan holda, 2021 yil 1 yanvar holatiga 33,8 mlrd. dollarni tashkil qildi. Qarz va uning YAIMdan bir necha baravar ortib ketayotgani esa ko‘pchilikda qo‘rquvni uyg‘otmoqda. Qodirovga ko‘ra, hatto, Yaponiyaning tashqi qarzi ham YAIMga nisbatan uch baravar ko‘p.
“Bugungi iqtisodiyot juda tez suratlar bilan rivojlanyaptiki, iqtisodiyotingiz yaratadigan resurslar va ulardan olinadigan hosil bilan bozorga chiqib daromad ko‘rolmaysiz”, deydi Qodirov.
2020 yilda davlat tashqi qarzining sof o‘sishi, kurslar va narxlar o‘zgarishini inobatga olganda, 5,5 mlrd dollarni tashkil qilgan. Bu o‘sish asosan yangi qarzdorliklarning jalb qilinishi va davlat qimmatli qog‘ozlarining chiqarilishi bilan izohlanadi. Xususiy qarzdorlik 3,7 mlrd dollarga oshib, asosan banklar hissasiga to‘g‘ri keladi.
“Rivojlangan mamlakatlar bugungi mavqeiga qanday keldi? Yaponiyaning qarzi YAIMga nisbatan uch baravar ko‘p. Dunyoning eng rivojlangan mamlakati AQSHning qarzi ham YAIM bilan teng, hatto, undan yuqoriroq ham. Biz bugungi qarzni klassik ma’nodagi qarz, deb baholamasligimiz kerak. Bugungi jamiyatda qarzga nisbatan aynan shunday yondashuvni ko‘ryapmiz”, deydi Oliy Majlis spikerining o‘rinbosari.
Oxirgi 4 yilda O‘zbekistonning qarzi oshib ketgani ayni vaqtda jamoatchilik orasida keskin muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Qodirov esa buni izohlarkan, avval O‘zbekistonga qarz berish uchun ishonch bo‘lmaganini aytadi.
“Qarz – rivojlanishimiz uchun resurs. Masalan, tanangizda quvvatingizni oshirishni istaysiz va buning uchun vitaminlar iste’mol qilasiz. Unga xuddi shunday qarash kerak. Qarz bugun mamlakatning jadal suratlar bilan rivojlanishi uchun muhim va zarur. Uni berish esa boshqa masala. O‘zbekistonga shu paytgacha ishonch bo‘lmagani uchun qarz ajratilmagan. Va O‘zbekiston boshqaruvida yondashuvdagi muammo bo‘lgani uchun qarz so‘rab murojaat ham qilinmagan. Bugungi kundagi O‘zbekistonning esa tashqi dunyoda o‘z reytingi va reputatsiyasi bor va bu mavqe yirik xalqaro moliya tashkilotlariga ishonch va xotirjamlik bilan pul ajratish imkoniyatini beryapti”, deydi Qodirov.
Qodirovning qayd etishicha, bugungi kunda davlat tomonidan olinayotgan qarzlarning har bir so‘mi katta mas’uliyat bilan nazorat qilib borilmoqda. Shu bois deputatlar Davlat byudjetini tasdiqlashda uni jiddiy o‘rganib chiqadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov bilan eksklyuziv intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi