O‘zbekistonga noqonuniy benzin tashiganlar uzoq muddatga qamaldi

Olam

image

Qozog‘iston Respublikasining Turkiston viloyati sudida benzin kontrabandasida ayblangan 5 kishiga hukm o‘qildi. Ular AI-92 markali yonilg‘ini yirik miqdorda noqonuniy ravishda chegaradan olib o‘tishda aybdor deb topildi. Bu haqda “Nur.kz” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ish jinoyat ishlari bo‘yicha Turkiston viloyati sudida ko‘rib chiqilgan. 5 nafar sudlanuvchiga transmilliy uyushgan jinoiy guruh tuzish va unga rahbarlik qilish, unda ishtirok etish, shuningdek, neft mahsulotlarini yirik miqdorda o‘g‘irlash, saqlash, tashish va sotish hamda davlat chegarasi orqali noqonuniy olib o‘tishda ayblov qo‘yilgan (Jinoyat kodeksining 264-moddasi 1-2-qismi, 197-moddasi 4-qismi 1-2-bandlari, 234-moddasi 3-qismi 2-bandi).

Sud materiallariga ko‘ra, 2024 yilning iyulida sudlanuvchilardan biri O‘zbekistonda benzin narxi yuqoriligidan foydalanib, moddiy ahvolini noqonuniy yaxshilash maqsadida tanishi bo‘lgan o‘zbekistonlik fuqaro bilan til biriktirgan. U transmilliy uyushgan jinoiy guruh tuzib, unga rahbarlik qilgan va to‘rt nafar boshqa shaxs hamda o‘zbekistonliklarni guruhga qo‘shgan.

Tergov jarayonida aniqlanishicha, ular Sirdaryo tumanidagi Sarkirama qishlog‘idagi xo‘jalik hovlisidan 375 metr uzunlikdagi yer osti quvurini o‘tkazgan. Quvurning bir qismi Qozog‘iston hududidan, ikkinchisi esa O‘zbekiston hududidan o‘tgan. 2024 yilning avgustidan dekabrigacha ular bojxona nazoratini chetlab o‘tib, 420 tonna AI-92 markali benzinni umumiy qiymati 112 million 512 ming tenge bo‘lgan hajmda chegaradan noqonuniy olib o‘tgan.

Prokuror guruh rahbarini 15 yilga, qolganlarini esa 12 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan. Ammo sudlanuvchilar o‘z aybini tan olmagan va oqlashni so‘ragan. Sud ularning kichik yoshli farzandlari borligini yengillashtiruvchi holat sifatida hisobga olgan. Og‘irlashtiruvchi holatlar aniqlanmagan. Joriy yilning 18 avgust kuni sud qarori chiqarilgan: guruh rahbariga 15 yil, qolgan to‘rt kishiga esa 13 yildan ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Tintuv vaqtida topilgan 3 million tenge, 16 ming litr AI-92 benzini, ZIL va GAZ yuk avtomobillari musodara qilingan va davlat foydasiga o‘tkazilgan. Hukm hali qonuniy kuchga kirmagan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabrida Qozog‘iston va O‘zbekistonda yonilg‘i kontrabandasi bilan shug‘ullangan jinoyat guruhi fosh etilgani va 450 metrlik yashirin tunnel yo‘q qilingani xabar qilingandi. Qozog‘iston prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, bu tunnel orqali har kuni 5-7 tonna yonilg‘i kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan. Shu asosda barcha gumondorlar, jumladan O‘zbekiston fuqarolari ham aniqlangan. Joriy yilning iyul oyida mazkur ish bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasining 5 nafar fuqarosi gumondor deb topilib, tergov nihoyasiga yetkazilib, ish sudga yuborilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Turkiston benzin kontrabandasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing