O‘zbekistonga kiritilgan 8,2 kg narkotik modda to‘xtatib qolindi
3-sahifa
−
24 iyun 3509 2 daqiqa
Qo‘shni davlatlardan O‘zbekistonga kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 8,2 kilogramm narkotik moddalar to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXXning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi va Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyatning Uzun tumanida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan shaxs Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 896 gr “gashish” moddasini keyinchalik sotish maqsadida Denov tumani hududidagi xufiya joyga yashirish uchun olib borayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadonidan ham 2 kilogramm 260 gramm “opiy” moddasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Qolaversa, Namangan shahrida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro boshqaruvidagi avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda uning salon qismida 2 kilogramm 990 gramm “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘lgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, Qirg‘iziston fuqarosi tomonidan aylanma yo‘llar orqali Yangiqo‘rg‘on tumani hududiga yetkazib berilgan mazkur giyohvandlik vositasi Namangan shahrida sotilishi rejalashtirilgan.
Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa Marg‘ilon shahrida yashovchi 1973 yilda tug‘ilgan va Toshloq tumanida istiqomat qiluvchi 1971 yilda tug‘ilgan ikki fuqaro o‘zaro jinoiy til biriktirib, Tojikistondan olib kelingan 487 gramm “gashish” moddasini 5000 dollarga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shuningdek, Toshloq tumanidan bo‘lgan fuqaroning yashash xonadonidan 599 gramm “gashish” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Qayd etilishicha, mazkur shaxslar muqaddam bir necha marotaba sudlangan.
Bu kabi qonunbuzilish holati Samarqand viloyatida ham qayd etilgan. Urgut tumanida yashovchi hamda muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun bir necha marotaba sudlangan shaxs Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 982 gramm “opiy” moddasini o‘zining jinoiy sherigi bilan birga xaridorga 8000 dollarga sotgan vaqtida ushlangan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistondan olib kelingan qariyb 50 kg “opiy” giyohvandlik vositasi musodara qilingandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr