O‘zbekistonga G‘arb ilmini o‘rgangan yoshlar kerak – Prezident
Jamiyat
−
22 dekabr 2023
6874Bugun O‘zbekistonga jadid bobolar kabi G‘arb ilmini o‘rgangan zamonaviy yoshlar suv va havodek kerak. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tayotgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida so‘z ochdi.
“Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”, deydi Prezident.
U yaqinda poytaxt Toshkentda o‘tkazilgan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi konferensiya jahon ilm-fan va madaniy jamoatchiligi o‘rtasida katta qiziqish va e’tibor uyg‘otganini qayd etdi.
Bu ishlarni yanada kengaytirish va yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Prezident qarori qabul qilinishini bildirdi.
Uning alohida urg‘ulashicha, ma’rifatparvar ajdodlarning merosi bugun qurilayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishi tabiiy.
“Bu kimgadir yoqadimi yoki yo‘qmi, xalqimiz jadid bobolarimiz ko‘rsatib bergan yo‘ldan og‘ishmay borishi kerak. Chunki ularning g‘oya va dasturlari Yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uyg‘un va hamohangdir”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ishtirok etmoqda. Unda madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkaziladi. Ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat, san’at va ijod sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilinadi. O‘zbekistonda Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining raisi Prezident hisoblanadi. Hududlarda esa birinchi rahbarlar bu masala uchun mas’ul etib belgilangan.