O‘zbekistonga cho‘chqa bilan chatishtirilgan qo‘ylar olib kelingani rostmi?
Bu qiziq
−
10 yanvar 2023
53180Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda cho‘chqa bilan qo‘yni chatishtirishgani, undan cho‘chqaga ham, qo‘yga ham o‘xshaydigan hayvon ko‘paytirilgani aks etgan video tarqalmoqda. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati munosabat bildirib, videoda aytilgan gaplar asossiz ekani, unda “Belteks” qo‘y zoti ko‘rsatilganini ma’lum qildi.
“Hozirgi kunda dunyoda qo‘ylarning 1000 dan ortiq zoti mavjud. “Belteks” qo‘y turi ham xuddi mana shunday oddiy qo‘y zoti. Bu qo‘yning cho‘chqaga hech qanday aloqasi yo‘q”, deyiladi Fatvo hay’atining Telegram-kanalidagi bayonotida.
Qayd etilishicha, farazan ushbu qo‘ylar boshqa hayvonlar bilan chatishtirilgan bo‘lsa ham ulardan tug‘ilgan qo‘zilar shar’an go‘shti halol hisoblanadi. Bu haqda fuqaholar shunday degan:
“Chatishtirilgan hayvonlar borasidagi umumiy qoida shuki, onasining zoti e’tiborga olinadi. Buni fuqaholar ko‘p o‘rinda ochiq aytganlar” (“Raddul muhtor” kitobi).
“Yana bir qoida, agarchi hayvonning otasining go‘shti harom, onasiniki esa halol bo‘lsayu ko‘rishida otasiga o‘xshab ketsa ham, bu e’tiborga olinmaydi. Balki unga onasining hukmi beriladi. Bu haqda Durrul muxtor kitobida shunday deyiladi:
“O‘xshashlik ustun bo‘lishining e’tibori yo‘qdir”.
Qolaversa, harom va halol go‘shtli hayvonlar chatishtirilganda onasi halol go‘shtli bo‘lsa, uni qurbonlik qilish joiz. Bu haqda “Raddul muhtor” kitobida shunday deyiladi:
“Hidoya va boshqa kitoblarda chatishtirishdan tug‘ilgan (onasining go‘shti halol bo‘lgan) hayvonni qurbonlik qilish joizligini ochiq bayon qilingan. Unda: “Xonaki va vahshiy hayvondan tug‘ilgan hayvon hukmda onasiga ergashadi. Chunki (hayvonlarda) hukmda onaga ergashish – asl qoidadir. Hatto (farazan) bo‘ri qo‘yni homilador qilsa, tug‘ilgan qo‘zini qurbonlik qilish joiz”.
Shuningdek, biolog mutaxassislarning ta’kidlashicha, biror bir hayvon turi bilan ikkinchi bir boshqa hayvon turini chatishtirish bilan oraliq alohida bir tur olinmaydi. Bu fan uchun ham nihoyatda qiyin va olingan taqdirda ham u nasl bermaydi. Genetikaning fundamental qonunlari bunga yo‘l bermaydi”, deyili Fatvo hay’ati bayonotida.
LiveBarchasi