O‘zbekistonga 1 mln doza o‘zbek-xitoy vaksinasi olib kelindi
Jamiyat
−
27 aprel 2021
2009Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi tomonidan o‘zbekistonlik mutaxassislar hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yana 1 million dozasi Xitoydan O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Vaksinaning 1 million dozalik avvalgi partiyasi shu yilning 27 mart kuni keltirilgan edi.
Ma’lum qilinishicha, shu kungacha O‘zbekistonda vaksinatsiya jarayonlari uchun jami 1660 ming doza vaksina zaxirasidan foydalanilmoqda. Ayni paytgacha emlangan 565 ming nafardan ortiq aholining 46 foizi, ya’ni 263 ming nafardan ortig‘i ZF-UZ-VAC2001 bilan emlangan.
ZF-UZ-VAC2001 bilan emlanish 65 yosh va undan katta yoshdagi emlanivchilar orasida 148 ming nafardan ortiqni, tibbiyot xodimlari orasida 114 ming nafardan ortiqni tashkil qilgan.
“Kecha, 26 aprel kuni ZF-UZ-VAC 2001 bilan emlangan fuqarolar soni 14 522 nafarni tashkil qilib, ushbu vaksina bilan kunlik emlanish ko‘rsatkichi 68 foizga yetgani ham e’tiborga loyiq”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonga “Sputnik V” vaksinasining navbatdagi partiyasi olib kelingan edi. Shuningdek, AstraZeneca vaksinasining ham yangi patriyasini keltirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
LiveBarchasi