O‘zbekiston o‘limga olib keluvchi Nipah virusi sabab Hindistonga cheklovlar o‘rnatdi (video)
Jamiyat
−
18:43 1809 2 daqiqa
Nipah virusi sababli O‘zbekistonga Hindistondan hayvonlar va qushlarni olib kelish taqiqlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat veterinariya inspektorining qaroriga binoan Hindiston Respublikasining barcha hududlaridan tirik hayvonlar va qushlarni olib kirishga, shuningdek, ushbu davlatning G‘arbiy Bengaliya shtatidan davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi barcha turdagi tovarlar importiga 2026 yil 29 yanvardan e’tiboran vaqtincha cheklov o‘rnatilgan.
Cheklov Nipah virusining O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishining oldini olish maqsadida o‘rnatilgan.
Hujjatda Xalqaro hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti (WOAH) xamda ochiq manbalarda e’lon kilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston Respublikasining G‘arbiy Bengaliya shtatida Nipah virusining tarqalishi bilan bog‘liq murakkab epidemiologik vaziyat yuzaga kelgani ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning Kalkutta shahri yaqinida Nipah virusining o‘lim bilan kechuvchi holati qayd etilgani haqida xabar berilgan edi. G‘arbiy Bengaliya shtatida ushbu virus bilan kasallanishning besh holati aniqlangan bo‘lib, ulardan uchtasi o‘tgan hafta qayd etilgan. Xususan, shifokor, hamshira va tibbiyot muassasasi xodimi zararlangan.
O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekovga ko‘ra, mamlakatda Nipah virusi bilan kasallanish holatlari hamda uning hududga kirib kelishi qayd etilmagan. Shuningdek, mamlakatdagi epidemiologik vaziyat barqaror va to‘liq nazorat ostida.
Live
Barchasi