O‘zbekistondan “javob olgan” Lukashenko Qozog‘istondagi voqealar aybdorini aytdi
Olam
−
15 yanvar 2022
48542Belarus Respublikasi fuqarosi Aleksandr Lukashenko Qozog‘istondagi tartibsizliklar va Belarusdagi norozilik namoyishlarida G‘arb razvedkasining qo‘li borligini ma’lum qildi.
Kecha, 14 yanvar kuni eski Yangi yil bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan Prezident qabulidagi yig‘ilishda Aleksandr Lukashenko kutilmagan bayonotni e’lon qildi. Unga ko‘ra, joriy yil yanvarida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan tartibsizliklarni ham, 2020 yil Belarusdagi norozilik namoyishlarini ham G‘arb davlatlarining maxsus xizmatlari uyushtirgan.
“Bu voqealar ortida G‘arb davlatlari turibdi. E’tibor bering, 2020 yil avgust oyida bu davlatlar (qaysi biri va kimning qo‘li bilan ekanligini bilasiz) bizning xavfsizligimizga ko‘z tikishdi. Albatta, barcha tartibsizliklar ularning maxsus xizmatlari tomonidan qilingan. Va biz ularni aniqladik, ular buni tan olmoqda. Ularning shoxlarini sindirdik va ular bundan o‘zlariga yaxshigina xulosa chiqarishdi”, deya bildirgan Lukashenko.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Qozog‘istondek ulkan davlatda bunday yirik tartibsizliklarni “shunchaki” uyushtirib bo‘lmaydi. Qozog‘istonga ega chiqish borasida gigant transmilliy korporatsiyalarning manfaatlari to‘qnash kelgan.
Namoyishchilarga, “shoshmasdan, sokin harakat qiling, hammasi hal bo‘lganidan so‘ng biz sahnaga chiqamiz” degan komanda berilgani, voqealar boshlanganining birinchi kunidayoq razvedka xizmati tomonidan menga yetkazilgandi.
“Qozog‘iston ham Belarus singari G‘arbning tuzog‘iga ilindi, ulardan yagona farqimiz ular Markaziy Osiyoda biz Yevropadamiz holos”, deya qo‘shimcha qilgan Belarus rahbari.
Uning bildirishicha, Belarus va Qozog‘istondagi hodisalarning ssenariyi bir xil. Ammo Qozog‘istondagi tartibsizliklarning vaqtida oldi olinmasa, u Rossiyada ham katta namoyishlar boshlanib ketishiga sabab bo‘lardi.
“Qozog‘istondagi voqealar huddi kerosin kabi Rossiyada tartibsizliklar alangasiga o‘t qo‘yar edi. Bunday vaziyatdan Afg‘onistonni sharmandalarcha tashlab ketgan AQSH foydalanmoqchi bo‘ldi. U Rossiyadagi tartibsizliklar ortidan nafaqat Xitoy balki butun Osiyoga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lgan” deyiladi Lukashenkoning nutqida.
Eslatib o‘tamiz, bu Lukashenkoning ommani hayratga solayotgan bayonotlari ro‘yxatidagi birinchisi emas. Bundan bir necha kun avval u Qozog‘istondagi hodisalardan qo‘shni O‘zbekiston ham o‘ziga yetarlicha saboq chiqarib olishi kerakligi haqida bildirgan edi.
Uning so‘zlariga javoban O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat har qanday tashqi tahdidlarga qarshi munosib javob qaytara olishini ma’lum qildi.
Behruz Saidov
LiveBarchasi