O‘zbekistondan voz kechib ketgan Atayev kim edi?

Tahlil

image

Joriy yilning 2 fevral kuni O‘zbekistonda 1995 yildan 2003 yilgacha bosh vazir bo‘lgan O‘tkir Sultonovning sobiq o‘rinbosari Valeriy Atayev 75 yoshida Moskvada vafot etdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u tabiiy sabablar bilan vafot etgan, biroq politsiya tomonidan belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Sizda bu odam kim o‘zi, agar u O‘zbekistonda yuqori amalda ishlagan bo‘lsa, uni Rossiyaga ketishiga nima sabab bo‘lgan, degan savollar tug‘ilishi tabiiy. Keling, bugun o‘z vaqtida respublikada muhim “kursi”ni egallagan, ammo keyinchalik Rossiyada hibsga olingan shaxs Valeriy Atayev haqida gaplashamiz.

Valeriy Atayev 1948 yil 18 martda tug‘ilgan. 1971 yilda u Toshkent Politexnika institutini muhandis-elektrotexnika mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Bir qancha energetika kompaniyalarida ishlagan. 1988 yildan 1993 yilga qadar Toshkent elektr tarmoqlarini direktor sifatida boshqargan. 1993 yildan 1999 yilgacha esa O‘zbekiston Respublikasi Energetika va elektrifikatsiya vaziri, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Elektr energetika kengashi vitse-prezidenti lavozimlarida faoliyat yuritgan. 

Shuningdek, u 1999 yildan 2004 yilgacha bosh vazir o‘rinbosari – Yoqilg‘i-energetika kompleksi rahbari bo‘lgan. Shu bilan bir davrda u “O‘zneftgaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi bo‘lib ham ishlagan.

Siyosatchi uning ishtirokida Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi O‘zbekistonda neft konlarini ajratib bergani bilan ham mashhur. Ammo u O‘tkir Sultonovdan so‘ng bosh vazir bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev rahbarligi boshlanganidan bir yil o‘tib, ya’ni 2004  yilda nafaqaga chiqadi. Internetda ham shu yildan so‘ng uning hayotiga oid ma’lumotlar topilmadi. Ammo 2009 yilga kelib, u Moskvaga jo‘nab ketadi va sobiq amaldorning hayotidagi hamma mashmashalar shundan keyin boshlanadi. 

Atayev Rossiyaga jo‘nab qolganidan so‘ng, O‘zbekistonda unga qarshi mamlakat Jinoyat kodeksining o‘g‘rilik va mansab vakolatini suiiste’mol qilish moddalari bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. 2015 yilda u Moskvada hibsga olingan, ammo darrov qo‘yib yuborilgan. Sobiq vazir allaqachon Rossiya fuqaroligini olgani, shu bois Moskva uni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilmagani ma’lum bo‘lgan. Gumonlanuvchi Gagarin tumani prokurori huzuriga kelib, tushuntirish berish talabi bilan qo‘yib yuborilgan.

Valeriy Atayevning o‘zi esa aybsizligini ta’kidlab, O‘zbekiston fuqaroligidan voz kechib, Rossiya fuqaroligini qabul qilganidan keyin vatanida ta’qibga uchraganini iddao qilgan.

“Men hayotimda hech qachon hech narsani o‘g‘irlamaganman. Hammasi men O‘zbekiston fuqaroligidan voz kechib, Rossiya fuqaroligini qabul qilganimdan keyin boshlandi”, degan Atayev.

Ta’kidlash joiz, Valeriy Atayev haqida ma’lumot qidirilganda, uning O‘zbekistonning bir qancha hududlarida qidiruvga berilganini ko‘rish mumkin. Qidiruv e’lonlarida keltirilishicha, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167- moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Masalan, uning Farg‘ona, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida qidiruvga berilgani haqidagi ma’lumotlarni shu viloyatlarning Ichki ishlar boshqarmalari rasmiy saytlaridan topish mumkin. Agar Atayev javobgarlikdan qutulib qolgan bo‘lsa, nega u hamon qidiruvda qolmoqda?

“Rus.Press.com” saytida Valeriy Atayev haqida 2020 yilda xabar chop etilgan va uning sarlavhasi “O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari vijdonsiz rus bo‘lib chiqdi”, deya qayd etilgan. Javobgarlikdan qutulib qolgan Atayev shu yilning 2 fevral kuni Leninskiy prospektidagi kvartirasida 75 yoshida vafot etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing