O‘zbekistondagi Turon cho‘llari UNESCO ro‘yxatiga kiritildi
Jamiyat
−
20 Sentabr 2023
4524O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston hududida joylashgan Turon cho‘llari UNESCO’ning Umumjahon tabiiy merosi ob’ektlari ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tayotgan UNESCO Umumjahon merosi qo‘mitasining 45-kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qilindi.
“Bu ekotizim o‘zining noyobligiga qaramay, haligacha UNESCO’ning Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritilmagandi. Bunday nominatsiyaning uch davlat tomonidan tayyorlanishi mintaqaviy hamkorlikning yorqin namunasi bo‘ldi”, deydi O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.
Qayd etilishicha, bu ob’ektni UNESCO ro‘yxatiga qo‘shish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 31 maydagi "Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston Respublikalari o‘zaro hamkorlikda “Mo‘’tadil mintaqadagi Turon cho‘llari” transchegaraviy tabiiy ob’ekti nomzodnomasini ishlab chiqqan.
“O‘zbekiston tomonidan UNESCO maslahatlashuv organi hamda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi bilan o‘rnatilgan yaqin hamkorlik, shuningdek, Umumjahon merosi qo‘mitasi a’zolari (21 davlat) bilan olib borilgan keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot va siyosiy-diplomatik chora-tadbirlar natijasida ijobiy qaror qabul qilindi”, deyiladi Ekologiya vazirligi bayonotida.
E’tiborli jihati shundaki, Turon cho‘llari UNESCO ro‘yxatidagi mo‘’tadil cho‘llar toifasiga kiradigan birinchi ob’ekt hisoblanadi. Hududning O‘zbekistonga doir qismi Orolbo‘yi mintaqasi va Ustyurt platosi hududlarida joylashgan 2 mln gektardan ortiq hududni egallagan bir-biriga chegaradosh beshta tarkibiy qism – Saygachi, Saygachi-Beleuli, Saygachi-Duana, Saygachi-Jideyli (barchasi Shimoliy Ustyurt klasteriga kiradi) hamda Janubiy Ustyurtdan iborat.
“Mo‘’tadil mintaqadagi Turon cho‘llari”ning UNESCO ro‘yxatiga kiritilishi hududning 1972 yilgi Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi muhofazasida bo‘lishini taqozo etadi. Bundan tashqari, ob’ektlarni samarali boshqarish, ulardagi flora va faunani saqlash va ilgari surish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, tatbiq qilish borasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga keng yo‘l ochadi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Ma’lumot uchun, “Mo‘’tadil mintaqadagi Turon cho‘llari” Umumjahon tabiiy merosi ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston qatnashgan ikkinchi ob’ekt hisoblanadi. 2016 yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ishtirokidagi “G‘arbiy Tyan-Shan” ob’ekti ham ushbu ro‘yxatdan o‘rin olgan.