O‘zbekistondagi telekanallarda 5 avgustdan xorij seriallariga cheklov o‘rnatildi

Madaniyat-san’at

image

Avvalroq, O‘zbekistondagi barcha telekanallarda yangi tartib joriy etilayotgani, unga ko‘ra, telekanallar xorij seriallarini kuniga bir mahaldan ortiq namoyish etishiga nisbatan taqiq qo‘yilayotgani haqida xabar bergan edik. Ushbu qoida kecha, 5 avgustdan e’tiboran kuchga kirdi va barcha telekanallarga bir sutkada bor-yo‘g‘i 1,5 soat xorij serialini namoyish etish huquqi berildi. 

5 avgustdan e’tiboran, mamlakatdagi eng tomoshabinbop telekanallar “Sevimli”, “Zo`r”, “Milliy” telekanallarining efir dasturiga o‘zgartirish kiritilgan. “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan “Yig‘lama, ona”, “Ayol”, “Chuqur”, “So‘yla... Qora dengiz” nomli turk seriallari olib tashlangan. Faqatgina “Fazilat xonim va qizlari” seriali efirda qoldirilgan. 

“Milliy” telekanalida ham huddi shunday holatni kuzatish mumkin. Har kuni efirga uzatilayotgan “Yomonlik dunyoga ustun bo‘lolmas” bo‘lolmas seriali shanba kunga ko‘chirilgan. “Muhtasham yuz yil” serialining efir vaqti esa 1,5 soat etib belgilangan. 

“Zo`r” telekanalida esa “Parchalangan yuraklar” serialining vaqti 1,5 soat etib belgilanib, “Meni qo‘yib yuborma” filmi efirdan olib tashlangan. 

Eslatib o‘tamiz, Axborot faoliyati va ma’lumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligi oshirish bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtirish komissiyasining joriy yil 25 iyul kuni imzolagan 124-bayonida nodavlat telekanallar faoliyati bo‘yicha ayrim cheklovlar o‘rnatilgan. Bayonnomaga ko‘ra, teleradiokanallarda kunlik efir jadvalini tuzishda shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq: 

•    efir vaqtining asosiy qismini original ko‘rsatuvlar bilan to‘ldirish, milliy badiiy film va seriallarga ustuvorlik berish;

•    chet el serialini bir sutkada faqat bir martadan ko‘p bo‘lmagan holda namoyish etish belgilandi.

Telekanallarda namoyish etiladigan chet el seriali qat’iy ravishda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchilik talablariga javob berishi ta’minlanishi shartligi belgilandi. 

Ma’lumot o‘rnida, 2017 yil oxirlarida O‘zbekistondagi “Zo‘r” telekanalida namoyishi boshlangan “Sevgi iztirobi” turk seriali 2018 yilning fevral oyi o‘rtalariga kelib efirdan olib tashlangan edi.

2018 yilning 14 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonining ijrosiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ushbu serialni tanqid qilib, xususiy telekanallarda efirga uzatilayotgan seriallarning mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratish bo‘yicha mutasaddilarga zarur ko‘rsatmalar berib, “Zo‘r” telekanalida namoyish etilayotgan “Sevgi iztirobi” serialini tanqid qilgan edi. 

Hukumat raisining tanqididan so‘ng, 2018 yilning 17 fevraliga kelib serial efir dasturidan olib tashlangandi. Joriy yilning 29 iyulidan e’tiboran serial yana efirga qaytayotgani ma’lum qilindi. Shu kuni serailning qolgan qismi namoyish etildi. QALAMPIR.UZ`da “Zo‘r”dan zo‘r chiqdi! Bosh vazir taqiqlagan serial yana ekranga qaytdi" nomli maqola e’lon qilingach, kecha, 30 iyul kuni “Sevgi iztirobi” namoyishi yana to‘xtatildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

476

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing