O‘zbekistondagi kuch ishlatar tuzilmalar orasida yana “avtoritet” poygasi bo‘ladimi?

Jamiyat

0:00
0:00
download

Yangi O‘zbekiston sharotida eng “orqaga qaytish yo‘q”, degan jumla ko‘p bor quloqqa chalinmoqda. Biroq, o‘zgarishlar, erkinlik va demokratiya shamoli ba’zan shiddat bilan, ba’zan esa o‘ta sokinlik bilan esayotgandek. To‘g‘ri, o‘tgan 4 yilda O‘zbekistonda misli ko‘rinmagan o‘zgarishlar sodir bo‘ldi, biroq biz to‘liq natijaga yetganimiz yo‘q. Bu tuganmas jarayon va mehnatni talab etadi. Biroq, oldinda yirik siyosiy voqea – Prezident saylovi turibdi. Mamlakatda so‘nggi vaqtlarda sodir bo‘layotgan holatlar kuch ishlatar tuzilmalarning yana faollashishiga yoki ular orasida “avtoritet” poygasiga olib keladimi?

Bu haqdagi savol bilan QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirovga yuzlandi. Qodirov quyidagicha javob berdi:

“Bugun biz demokratik ochiq jamiyatni shakllantiryapmiz. Bugungi kunda nodavlat tashkilotlarning jamiyatdagi o‘rni sezilarli darajada oshdi. Siyosiy partiyalar, parlamentning xatti-harakatlari kuch ishlatar tuzilmalarning avvalgidek o‘z xohishlari bilan bir narsalarni o‘zgartirish imkoniyatini bermaydi. Endi bir kuch ishlatar tizimi biror bir masalani o‘z xohishiga moslab olomaydi”. 

Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosariga ko‘ra, bugungi parlament, bugungi deputatlar, bugungi jamiyat kechagidek emas. Endi kuch ishlatar tuzilmalarning o‘z xohish-irodasidan kelib chiqib o‘zgarish qilolmaydi. 

“Bir narsani ta’kidlash kerak, bugungi kunda O‘zbekistondagi boshqaruv idoralari – Prezident Administratsiyasidan boshlab, Hukumat bo‘ladimi, Parlament bo‘ladimi – barcha hokimiyatlar bugun ochiqlik va shaffoflik tizimida ishlashga o‘rgandi. Bu bir nechta idoralar xohlab ham o‘zgartirishi imkoni bo‘lmagan bir jarayon. Ya’ni Prezident bir necha yig‘ilishlarda buni takror va takror aytdiki, orqaga qaytish yo‘q. Odamlar erkinlikka o‘rgandi. Odamlar fikrini ochiq aytishga o‘rgandi. Davlat tasarrufida bo‘lmagan tashkilotlar o‘z haq-huquqlarini himoya qilishni va buni qonunlarda aks ettirish jarayonlarini o‘rgandi. Odamlar jamiyat siyosiy hayotida faollashdi. Cheklovlarni kiritishga harakat bo‘lishi mumkin, albatta. Lekin bu avvalgidek oson shaklda va xohlaganda bo‘lmaydi”, deydi Qodirov.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov so‘zida davom etarkan, Qonunchilik palatasi a’zolari Ichki ishlar vazirligining ayrim holatlar bo‘yicha jarimalar qo‘llash bo‘yicha taklifini va Favqulodda vaziyatlar to‘g‘risidagi qonunni ma’qullamayotganini qo‘shimcha qildi.  

“Bu borada bir nechta misollar keltirish mumkin. Masalan, Ichki ishlar vazirligi ayrim xatti-harakatlar bo‘yicha jarimalar qo‘llash bo‘yicha takliflarini parlamentdan o‘tkaza olmayapti. Yoki Favqulodda vaziyatlar to‘g‘risidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan muhokama qilinyapti. Qonun juda keskin e’tirozlaarga sabab bo‘lyapti. Bu qonunga ehtiyoj borligini hech kim rad etmaydi, lekin undagi cheklovlarning huquqiy asoslari nuqtai nazaridan deputatlar o‘z saylovchilarining manfaatidan kelib chiqqan holda harakat qilyapti. Ya’ni bugungi parlament avvalgi parlament emas. Shuningdek, deputatlar va nodavlat tashkilotlar ham avvalgidek emas. Jamiyatdagi muhokama, ochiq tortishuvlar va raqobat muhitini to‘xtatish uchun nafaqat davlat idoralari, juda ko‘p idoralarning ham kuchi yetmasa kerak. Prezident ta’biri bilan aytganda, O‘zbekistondagi ochiqlik siyosati orqaga qaytmas darajada ilgarilab ketdi”, deydi Qodirov. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov bilan eksklyuziv intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Qodirov

Baholaganlar

609

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing