O‘zbekistondagi ikkinchi eng yirik quyosh FES ishga tushirildi
Jamiyat
−
24 may 2022
10171Samarqandda mamlakatdagi ikkinchi eng yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Nurobod tumanida 100 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi bugun, 24 may kuni O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshlagan.
Ushbu elektr stansiya yiliga 260 million kVt elektr energiya ishlab chiqarib, 80 mingdan ortiq xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
Shuningdek, stansiya ishga tushirilishi natijasida yiliga 78 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi hamda atmosferaga 100 ming tonna zararli chiqindilar chiqishining oldi olinadi. Ushbu hajmdagi tejalgan gaz bilan respublikadagi mavjud barcha aholi xonadonlarini 10 kun davomida tabiiy gaz bilan ta’minlash mumkin.
Qurilish davomida 400 nafar ishchi-xodimlar faoliyat yuritgan bo‘lsa, loyiha ishga tushishi natijasida 25 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Umumiy qiymati 100 million dollarga teng mazkur loyiha Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshirilgan.
Mazkur stansiya O‘zbekiston tarixida qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasini ishlab chiqaradigan ikkinchi eng yirik quyosh fotoelektr stansiyasi hisoblanadi. Aynan ushbu quvvatdagi birinchi quyosh fotoelektr stansiyasi o‘tgan yilning avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida ishga tushirilgan edi.
“2023 yil yakuniga qadar Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan quvvati 220 MVt bo‘lgan viloyatdagi ikkinchi yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi”, deyiladi vazirlik xabarida.
LiveBarchasi