O‘zbekistondagi bolalar orasida yangicha virus tarqaldimi?

Salomatlik

image

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov O‘zbekistondagi bolalar orasida Koksaki virusi avj olayotgani haqidagi xabarlarni asossiz, deb atadi. Otabekovning bu haqdagi so‘zlarini Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev o‘z Telegram-kanalida e’lon qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda ba’zi internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda Koksaki virusi tarqalgani haqidagi xabarlar asosiz. U virusning ilk kelib chiqishi va qanday turlari borligi haqida aytgan. 

“Virusning bunday nomlanishining sababi – ilk bor AQSHning Koksaki shahrida aniqlangan va u enteroviruslar oilasiga mansub. Uning 70 dan ortiq turi bo‘lib, asosan, A hamda V turlari uchraydi. Kasallik ko‘pincha bolalarda uchraydi. Aniqrog‘i, unga moyil aholi qatlami 3-10 yoshdagi o‘g‘il-qizlar hisoblanadi. Kattalarning xastalanishi esa juda kam kuzatiladigan holatdir”, degan Otabekov. 

Qayd etilishicha, kasallik bolalar orasida ko‘p tarqalgani uchun bolalarga xos klinik belgilarni kuzatishi mumkin. Ya’ni kasallik tana haroratining keskin oshishi (39-40 darajagacha), bosh og‘rig‘i, uyqusizlik, holsizlik bilan boshlanib, 2-4 kundan keyin isitma asta-sekin pasaya boshlaydi. Shuningdek, oddiy shamollash belgilari, ichakdagi ba’zi bezovtaliklar, jumladan, ich ketishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish kabilar kuzatilishi mumkin.

Koksaki virusiga uchraganida bolalarning qo‘l va oyog‘ining old qismi hamda og‘zining shilliq qavatida turli toshmalar paydo bo‘ladi. Ba’zi hollarda yutinishning qiyinlashishi, kichik yarachalar paydo bo‘lgani uchun stomatitga xos tomoqda og‘riqlar kuzatiladi. Bu esa isitma ko‘tarilishi va ishtahaning pasayishiga olib keladi. Kasallik, asosan, yoz oylarida bolalar ochiq va umumiy cho‘milish suv havzalaridan foydalanganda va bemorlar bilan bevosita muloqot qilgan vaqtda yuqadi. Xastalikning yashirin davri 2-10 kungacha bo‘lib, ba’zi hollarda 2-5 kun davom etadi.

“Mazkur xastalikni keltirib chiqaradigan virusni dunyoning istalgan joyida uchratish mumkin. O‘zbekistonda ham vaqti-vaqti bilan qayd etiladi”, degan qo‘mita raisining o‘rinbosari. 

Otabekovning qo‘shimcha qilishicha, hozirgacha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi qoshidagi hamda Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutining laboratoriyalarida Koksaki virusi aniqlagani yo‘q.

“Demak, yurtimizda mazkur kasalllik keng miqyosda tarqaldi degan fikrga kelish uchun asos mavjud emas. Muhimi, Koksaki virusi uchun maxsus davolash protokollari mavjud va xastalik hech qanday asoratlarsiz to‘liq tuzalib ketadi”, degan Otabekov. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nurmat Otabekov O‘zbekistonda koronavirusning yangi to‘lqini bilan bog‘liq holat barqarorligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Nurmat Otabekov Koksaki

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing