O‘zbekistondagi AES qurilishida Belarus tajribasidan foydalaniladi

Jamiyat

image

Bugun, 20 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Viktor Karankevich boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlat rahbariga Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazgan.

O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.

Mamlakat yetakchisining shu yil 8-9 iyul kunlari Minsk shahriga amalga oshirgan rasmiy tashrifi, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada samarali natijalar bergani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish hamda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish maqsadida qabul qilingan chora-tadbirlar rejasini o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligi ta’kidlangan.

Mamlakatda birinchi atom elektr stansiyasi va turdosh infratuzilmani barpo etishda Belarus tajribasidan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Bo‘lajak atom elektr stansiyasini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish jarayonlarini ekspertlik jihatidan qo‘llab-quvvatlash, soha uchun milliy kadrlarni tayyorlash hamda tegishli oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8-9 iyul kunlari Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Belarusda bo‘ldi va mamlakat Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan muzokara o‘tkazdi. Muzokaralar yakunida yetakchilar Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing