O‘zbekistondagi 8 ming bolaga 200 dollardan hayitlik beriladi
Jamiyat
−
21 may 3910 2 daqiqa
O‘zbekistondagi 8 ming nafardan ziyod yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda mamlakat sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan ota-onalarning farzandlarining omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari o‘tkazib beriladi. Bu haqda bugun, 21 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand aholini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yuzasidan takliflar taqdimotida so‘z boradi.
Taqdimotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar haqida axborot berilgan.
Ularga ko‘ra, Qurbon hayiti munosabati bilan keng ko‘lamli tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Jumladan, og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkazish, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxisi qo‘yilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, davolash va jarrohlik amaliyotlari, shuningdek, kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotlarini o‘tkazish xarajatlarini qoplash ko‘zda tutilgan.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratiladi. 8 ming nafardan ziyod yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan ota-onalarning farzandlarining omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari o‘tkazib beriladi.
Bundan tashqari, 500 ta masjidda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida zamonaviy tahoratxonalar qurish, rekonstruksiya qilish yoki ta’mirlash, shuningdek, joylardagi qabristonlarni obod qilish ishlari amalga oshiriladi.
Davlat ta’minotidagi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar oziq-ovqat to‘plamlari bilan ta’minlanadi.
Mazkur chora-tadbirlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga ajratiladigan 690 milliard so‘m mablag‘ hisobidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi toifalari uchun ehson dasturxonlari yozish, ziyoratgohlar va diniy ta’lim tashkilotlarida qurbonlik tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Prezident ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash, bemorlarni davolash va bolalarga ko‘mak ko‘rsatish bilan bog‘liq tadbirlar shaffof va manzilli tashkil etilishi zarurligini ta’kidlagan hamda mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan.
Live
BarchasiBuxoroda yana zilzila bo‘ldi
21 may