O‘zbekistondagi hech bir fuqaro sovuq yoki qorong‘i uyda yashamasligi kerak! – Energetika vazirligi
Jamiyat
−
16 noyabr 2022
8858O‘zbekistondagi hech qaysi fuqaro sovuq yoki qorong‘i uyda yashamasligi kerak. Ammo elektr energiyasidagi uzilishlarning sababi ta’minotidagi elektr tarmoqlarining eskirgani yoki elektr yetkazib berish qobiliyatining yetarli emasligida emas, balki elektr stansiyalarimizda shu elektr energiyasini ishlab chiqarishimiz uchun yoqilg‘i yetishmasligida. Bu haqda Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan 90 % elektr energiyasining 85%i tabiiy gazga to‘g‘ri keladi. Bu esa tabiiy gazni tejab, bor gazdan maksimal darajada elektr energiyasini ishlab chiqarish kerakligini anglatadi.
“Oxirgi 5 yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini biz 1,2 baravarga oshirdik. Bu ko‘pmi, kammi degan savol tug‘iladi. Eng jadal suratlar bilan rivojlanayotgan mamlakatlardagina elektr energiyasi bilan ta’minlashda yillik o‘sish sur’ati 7 %ni tashkil etadi”, deydi vazir o‘rinbosari.
Shuningdek, u so‘nggi yillarda vazirlik tomonidan amalga oshirilgan ishlarni sanay ketdi.
“2016 yilgacha O‘zbekistonda bir dona zamonaviy bug‘-gaz qurilmasi qurilgan. 2012 yilda Navoiy issiqlik stansiyasida 278 megavattlik bug‘-gaz qurilmasi ishga tushirilgan. 2016 yildan buyog‘iga, Navoiyda, Tollimarjonda ikkita, To‘raqo‘rg‘onda ham ikkita issiqlik elektr stansiyasi qurildi, Taxiatosh issiqlik elektr qurilmasi ishga tushdi. Va Toshkent issiqlik elektr stansiyasida bitta shunday bug‘-gaz qurilmasi qurildi. Bular davlat tomonidan kiritilgan investitsiyalar hisobiga qurilganlari”, deydi Xo‘jayev.
Uning qayd etishicha, Toshkent (3 ta), Xorazm (1 ta), Buxoro (1 ta) va Sirdaryo (1 ta) viloyatlarida xususiy investitsiya mablag‘lariga issiqlik elektr stansiyalari qurilgan.
Sherzod Xo‘jayev, bundan tashqari, Tollimarjon IESda yana 2 ta, Navoiy viloyatida 2 ta, Sirdaryo viloyatida 4 ta va Surxondaryo viloyatida bug‘-gaz qurilmalarini qurish bo‘yicha vazirlikning loyihalarining ishga tushishi boshlanganini faxr bilan aytar ekan, jurnalistning bu qurilmalar oddiy xalq hayotida ko‘rinish bermayotgani haqidagi gapiga e’tiroz bildirolmadi.
“Buni ertaga mana shu loyihalar ishga tushganidan so‘ng, hamma muammolar yechiladi, sabr qilib turinglar, degan maqsadda aytayotganim yo‘q. Lekin, bugungi kunda tejamkor va samarador IESni qurish uchun kamida 5 yil vaqt ketyapti. Eng og‘ir va biz uchun qiyin bo‘lgan jihati nimadan iborat? 2019 yildan beri, vazirlik tashkil etilganidan boshlab, xususiy investorlarni ko‘proq jalb qilib, tabiiy gaz bilan ko‘proq elektr-energiyasini ishlab chiqarishga o‘zimizning e’tiborimizni qaratganmiz. Biz o‘zimizni oqlamoqchi emasmiz. Investorlar ko‘p, lekin hammasi qachon qurib-bitirib, ishga tushirilishining aniq muddatini aytolmayapti. Qo‘rqyapti. Vaziyat qanday o‘zgarishini hech kim bilmayapti”, deydi u.
Vazir o‘rinbosari aqlli hisoblagichlar sabab yuzaga kelgan qulayliklarni qo‘shimcha qildi.
“Joriy etgan aqlli hisoblagichlar degan tizimimiz bizga bitta masalani yechishga yordam berdi. To‘lovni amalga oshirgan va qarzdor iste’molchi ta’minot nuqtai nazardan bir xil huquqqa ega edi. Mana shu yerda biz adolatga erishdik. Ya’ni, to‘lovni amalga oshirmagan iste’molchi ta’minotdan foydalana olmaydi. Biz elektr energiyasini ishlab chiqargandan so‘ng iste’molchilarga yetkazib berishdagi uzilishlarning sonini qariyb 3 baravarga qisqartirdik. Oxirgi besh yilda yangi qurilgan tarmoqlar va transformatorlar yigirma besh yilda qurilganlar bilan teng emas”, deya ta’kidladi Sherzod Xo‘jayev.
LiveBarchasi