O‘zbekistonda janoza namozlari ixcham tarzda o‘tkaziladi

Jamiyat

image

Joriy yilning 20 mart kuni O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda 23 martdan to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar singari ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi bekor qilindi. Zarur hollarda ixcham holda, yaqinlar bilan birga 10-15 kishi ishtirokida o‘tkazish tavsiya etildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvosida ham “Janoza namozlari vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida xonadonlarda o‘qilsin”, deya alohida ta’kidladi.

“Darhaqiqat, mayyitga janoza namozini o‘qish farzi kifoya bo‘lib, vafot etganning yaqinlari ishtirokida ado etilsa ham bo‘ladi. Mo‘’tabar manbalarda hadisi shariflarga tayangan holda ulug‘larimiz qazo qilgan odamning janoza namozini tezlik bilan ado etib, dafn etishga shoshilganlari bayon etilgan”, deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi (O‘MI) ma’lumotida. 

Janoza, dafn va ta’ziya marosimlarida gigiyena qoidalari – qo‘llarni yuvish, tibbiy niqoblarni taqish va boshqalarga jiddiy amal qilish lozimligi ta’kidlangan. Maxsus komissiya qarorida xudoyilar ham 10-15 kishi atrofida, faqatgina xonadonlarda o‘tkazilishi qayd etilgan.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinish holati ilk bor 15 mart kuni kuzatildi. Ayni kunda, mamlakatda infeksiyaga chalinganlar soni 42 nafarga yetdi.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

janoza koronavirus

Baholaganlar

139

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing