Putin eski safdoshining janozasida ishtirok etdi (video)
Olam
−
18:33 3787 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin sobiq mudofaa vaziri va prezidentning maxsus vakili Sergey Ivanov bilan vidolashuv marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari Moskvadagi Markaziy klinik shifoxonaga borib, marhum xotirasiga gulchambar qo‘ygan hamda uning oila a’zolari bilan qisqacha suhbatlashgan.
Avvalroq xabar berilganidek, Sergey Ivanov 26 iyun kuni 73 yoshida vafot etgandi. Manbalarning bildirishicha, u bugun, 30 iyun kuni Moskvadagi Troyekurovo qabristoniga dafn etiladi.
Ma’lumot uchun, Sergey Ivanov mehnat faoliyatini 1976 yilda Leningrad SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) boshqarmasida tezkor vakil sifatida boshlagan. Keyinchalik u Rossiya Tashqi razvedka xizmatida rahbarlik lavozimlarigacha ko‘tarilgan. 2001 yil mart oyida u Rossiya tarixida ilk bor harbiy sohadan bo‘lmagan shaxs sifatida mudofaa vaziri etib tayinlangan. Bu lavozimda u Igor Sergeyevning o‘rnini egallagan.
Ivanov rahbarligi davrida Qurolli kuchlarni isloh qilish jarayoni boshlangan. Jumladan, majburiy harbiy xizmat muddati ikki yildan bir yilga qisqartirilgan. Shuningdek, u harbiy xizmatdan ozod qilish imtiyozlarini qisqartirish tarafdori sifatida ham tanilgan.
2005 yil noyabr oyidan boshlab Sergey Ivanov bir vaqtning o‘zida mudofaa vaziri va bosh vazir o‘rinbosari vazifalarini bajarib, harbiy-sanoat majmuasi hamda innovatsiyalar sohasini nazorat qilgan. 2011 yil dekabr oyida u Rossiya Prezidenti Administratsiyasi rahbari etib tayinlangan va Dmitriy Medvedevning prezidentlik muddati yakunlanganidan keyin ham ushbu lavozimda faoliyatini davom ettirgan.
2016 yilda Vladimir Putin uni tabiatni muhofaza qilish, ekologiya va transport masalalari bo‘yicha prezidentning maxsus vakili etib tayinladi. 2026 yil fevral oyida u o‘z xohishiga ko‘ra mazkur lavozimni tark etgandi. Shu vaqtgacha u Rossiya Xavfsizlik kengashi a’zosi ham bo‘lib kelgan.
Live
Barchasi