O‘zbekistonda yoshlar va ayollar uchun 100 million dollar mablag‘ ajratilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda nodavlat kasb-hunar ta’limi markazlari orqali yoshlar va ayollarda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 8 oktyabr kuni jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi. 

Ajratilayotgan 100 million dollarning 10 millioni yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitishga, 90 millioni esa o‘quv kurslarini tamomlab, sertifikat olganlarga imtiyozli kreditlar ajratish uchun sarflanadi. “Ijtimoiy shartnoma” orqali nodavlat kasb-hunar o‘quv kurslarini bitiradigan yoshlar va ayollarga ta’lim xarajatlari uchun 1 million so‘mgacha subsidiya beriladi.

Yig‘ilishda ishsiz yoshlar va xotin-qizlarda motivatsiya uyg‘otib, kasbiy ko‘nikmalar shakllantirish, psixologik, huquqiy, tibbiy va moliyaviy ko‘mak berish muhimligi ta’kidlandi.

Yoshlar va ayollar bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, ehtiyojmand xotin-qizlarning 55 foizi o‘rta ma’lumotli. Ishsiz yoshlarning ham ko‘pchiligi zamonaviy bilim va hunarlarni egallamagan.

“Yoshlar va xotin-qizlarni mehnat bozorida talab yuqori kasb-hunarlarga tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘ysak, ularning munosib ish topishiga ko‘maklashsak, ko‘plab ijtimoiy va iqtisodiy muammolar hal bo‘ladi. Buning uchun nafaqat davlat ta’lim muassasalari, balki mingdan ziyod nodavlat kasb-hunar ta’limi markazlarini ham jalb qilish zarur”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Ishsiz yoshlar va ayollar bandligini ta’minlash hokimning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosari, tuman va shahar bandlik bo‘limi, Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash markazi, Bosh vazir qabulxonalari va banklarning eng muhim vazifasi bo‘lishi kerakligi aytildi.

Yig‘ilishda “ijtimoiy shartnoma” tajribasini keng qo‘llash muhimligi aytildi. Bunda, avvalo, fuqaro kasb o‘rganishi, ishga joylashishi, o‘zini o‘zi band qilishi uchun davlat tomonidan moddiy va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatiladi.

“Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” bilan ishlashda nodavlat notijorat tashkilotlar imkoniyatlaridan samarali foydalanish lozimligi qayd etildi. Ular bilan hamkorlikni kengaytirib, jazoni o‘tab qaytganlarning ijtimoiy moslashuvi, yoshlar va ayollarni psixologik qo‘llab-quvvatlash, ularni chet tillari va kasb-hunarga o‘qitish muhimligi aytildi.

Bu ishlarga “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining salohiyati safarbar etiladi. Bundan tashqari, aholini tadbirkorlikka o‘qitish va mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatishdan iborat kompleks dasturlarni amalga oshirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlarga yillik 4 foiz stavkada qarz mablag‘lari ajratiladi.


Maqola muallifi

Teglar

ayollar daftari yoshlar daftari

Baholaganlar

158

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing