O‘zbekistonda yaratilgan ikki vaksina JSST ro‘yxatiga kiritildi
Jamiyat
−
17 aprel 2021
5292O‘zbekiston Respublikasi olimlari tomonidan yaratilayotgan ikki vaksina Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) nomzod-vaksinalar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazining koronavirus S oqsili asosidagi rekombinant vaksinasi hamda Fanlar akademiyasining Genomika va bioinformatika markazining SARS-Cov-2ning oqsil bo‘lagining uch sohasi: pcDNA3. 1 (+) plazmidasiga qo‘yilgan NTD, RBD va HR1-HR2 vaksinasi JSSTning nomzod vaksinalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Xabarga ko‘ra, mazkur ikki vaksina hozirda klinik oldi sinovlaridan o‘tmoqda.
Avvalroq Bosh vazir Abdulla Aripov O‘zbekiston joriy yilning oxirigacha o‘z vaksinasini ishlab chiqishini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, 1 aprel kuni O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi emlash kampaniyasi boshlandi. Birinchi bosqichda, avvalambor, 65 yoshdan oshgan odamlar, tibbiyot xodimlari vaksinani olishadi.
Ayni paytda o‘zbekistonliklar Britaniyaning AstraZeneca vaksinasi hamda O‘zbekiston va Xitoy hammuallifligida yaratilgan Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical rekombinant vaksinasi bilan emlanmoqda.
LiveBarchasi