O‘zbekistonda Yaponiya krediti evaziga Data-center tashkil etiladi. Bu nega muhim?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Yaponiya xalqaro hamkorlik banki kredit mablag‘lari hisobida Data-center tashkil etiladi. Bu haqda bugun, 14 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z borgan. 

Prezident Matbuot  xizmati xabarida qayd etilishicha, bugungi kunda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) mablag‘larini jalb qilgan holda Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurish va jihozlash loyihasi amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) kredit mablag‘lari hisobidan “Ma’lumotlarni saqlash va ularga ishlov berish markazlari (data-markazlar) tashkil etish”, “Paketli kommutatsiya xalqaro markazlarini kengaytirish”, “Telekommunikatsiya transport tarmog‘i va ma’lumotlar uzatish tarmog‘ini kengaytirish”, “Radiotarmoqni modernizatsiya qilish” loyihalarini amalga oshirish uchun 180 million dollar mablag‘ jalb etishni rejalashtirgan.

Shu bilan bir qatorda, yaponiyalik mutaxassis Esuaki Yoshida O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida vazir maslahatchisi sifatida faoliyat boshladi. U AKT sohasidagi korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash dasturini amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalar va xalqaro kredit liniyalarini jalb qilish masalalari bilan shug‘ullanadi. O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasida ta’lim, fan va innovatsiyalar bo‘yicha maslahatchi-vakil hamda xususiy biznes bilan ishlash bo‘yicha maslahatchi lavozimlari joriy qilindi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, internet xizmatlarining, elektron savdoning rivojlanishi, jumladan elektron ommaviy axborot vositalarining taraqqiy topishi, qolaversa, axborot xavfsizligini ta’minlash borasida O‘zbekistonning Data-center’larga ehtiyoji yuqori. Texnik jihatdan mukammal va zamonaviy talablarga javob beradigan bunday markazlar yo‘qligi hisobiga mamlakatda ko‘plab internet saytlar xorijdagi, eng kamida Rossiyada Data-center’larga murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi. Oqibatda esa valyuta o‘z-o‘zidan boshqa davlat g‘aznasiga borib tushadi. Axborot xavfsizligi esa qo‘shtirnoq ichida qoladi. 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Yaponiya Data-center

Baholaganlar

52

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing