O‘zbekistonda yana “Hizb ut-Tahrir” g‘oyalarini targ‘ib qilgan shaxslar ushlandi
Jamiyat
−
28 yanvar 2022 10316 2 daqiqa
Jizzax viloyatida "Hizb ut-Tahrir" ekstremistik tashkilotining g‘oyalarini targ‘ib qilib kelayotgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Matbuot xizmati xabar bergan.
Qayd etilishicha, Jizzax shahrida yashovchi 27 yoshli A.S. va 33 yoshli F.T. internet orqali aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, O‘zbekiston hududiga olib kirish va tarqatish taqiqlangan, shuningdek konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan ag‘darib, o‘rniga xalifalik boshqaruviga asoslangan davlat qurish g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi materiallarini o‘zlarining yaqin qarindoshlari orasida tarqatib kelgan.
Bundan tashqari, X.A. ismli shaxs o‘tgan yilning may oyida Telegram-guruh ochib, 6 nafar yaqin qarindoshi va o‘rtoqlarini a’zo qilgan holda muntazam ravishda turli taqiqlangan materiallarni tarqatib kelgan. Buning ta’sirida, T.F. ismli shaxs va guruh a’zolari tashkilot g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, ayrimlari shu materiallarni internetda tarqatgan.
Dastlabki tergov harakatlari davomida X.A. ismli shaxs ham Facebook'da sahifa ochib, "Hizb ut-Tahrir"ning boshqa davlatdagi a’zolari bilan muloqotda bo‘lib, ularning sahifasidagi materiallarni o‘zining yaqin qarindoshlari orasida tarqatib kelgani ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aloqador shaxslarning barchasining xatti-harakatlariga huquqiy baho berilgan. Unga ko‘ra, 7 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. X.A.ga nisbatan 5 yil 3 oy muddatga, T.F.ga nisbatan esa 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, jinoyatga aloqador boshqa shaxslarga nisbatan tergov yakunlanmagani sababli alohida ish yurituviga ajratilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil yanvar oyida O‘zbekistonda “Hizb ut-tahrir” bilan bog‘liq ikkita holat aniqlangan.
Xususan, Samarqand viloyatining Ishtixon, Oqdaryo va Urgut tumanlarida yashovcht “Hizb ut-Tahrir” va “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimlari a’zolari faoliyatiga chek qo‘yilgan. Shuningdek, Andijon viloyatida “Hizb ut-Tahrir” tashkilotining “Ayollar qanoti” guruhi a’zolari qo‘lga olingan.
Live
Barchasi