O‘zbekistonda turistlar xarajatlarini qoplash rejalashtirilmoqda

Jamiyat

image

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish xarajatlarining bir qismini qaytarish mexanizmini joriy qilish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Quyidagi hujjatlarni qabul qilish rejalashtirilmoqda:

•    O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish xarajatlarining bir qismini O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan qaytarish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
•    Subsidiyalanadigan avia va temir yo‘l qatnovi yo‘nalishlarini belgilash, avia va temir yo‘l chiptalari hamda joylashtirish vositalarining mexmonxona xizmatlari narxlarini kelishish bo‘yicha maxsus komissiya tarkibi.

Respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan quyidagi miqdordagi mablag‘larni ajratish orqali xarajatlarni qoplash rejalashtirilmoqda. Bunda:

•    aviatashuvchilarga – ichki turizm yo‘nalishlaridagi aviaqatnovlarda avia chipta narxining 25 foizi;
•    sayohat tashkilotchilariga – O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun tashkil etilgan turlar yuzasidan transport chiptalari narxining 15 foizi hamda mehmonxona xizmatlari narxining 10 foizi qoplanadi.

Subsidiyalanadigan aviaqatnovlar ro‘yxati maxsus komissiya tomonidan tasdiqlanadi. Unda subsidiyalanadigan aviaqatnov amalga oshiriladigan yo‘nalish (marshrut) va amal qilish muddati, maxsus tarif belgilanadi. Subsidiya har oyda to‘lab boriladi.

Aviatashuvchilarga subsidiyalar respublikaning bir viloyati/shahridan ikkinchi viloyati/shahriga amalga oshirilgan aviaqatnovlar uchun havo kemasining “tejamkor” xizmat ko‘rsatish toifasi bo‘yicha ajratiladi.

Loyiha bo‘yicha subsidiya olish uchun aviatashuvchi belgilangan shaklda Transport vazirligiga subsidiya ajratish to‘g‘risida ariza bilan unga zarur hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat qiladi.

O‘z navbatida, sayohat tashkilotchilariga 1.03.2021 yildan 1.06.2022 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston bo‘ylab amalga oshiriladigan qatnovlarga subsidiyalar ajratish taklif etilmoqda. Sayohat tashkilotchisi subsidiya olish maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga belgilangan shakldagi ariza bilan yozma yoki elektron shaklda murojaat qilishi lozim.

Loyiha Prezidentning “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

turist

Baholaganlar

27

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing