O‘zbekistonda “temir daftar” yuritish tizimi yo‘lga qo‘yildi
Jamiyat
−
03 iyun 2020
24659O‘zbekistonda pandemiya davrida muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun “temir daftarlar” shakllantirilgan va bugungi kunga qadar 540 ming muhtoj oilaga 307 milliard so‘mlik ko‘mak berilgan. Xususan, Samarqandda – 79 mingta, Farg‘onada – 67 mingta, Qashqadaryoda – 57 mingta, Toshkent viloyatida – 50 mingta muhtoj oilalarga moddiy yordam ko‘rsatilgan.Bu haqda bugun, 3 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
“Pandemiya sharoitida eng qudratli davlatlarda ham eng katta muammo bu – aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘lib qolmoqda. Biz yil boshida ushbu masalalarni islohotlarimizning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilaganimizdan xalqimiz yaxshi xabardor.
Aytish joizki, pandemiya oqibatida mamlakatimizda ishsizlar soni ko‘paydi. Shu bilan birga, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, pandemiya 450 mingga yaqin oilalar daromadiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin”, deydi Prezident.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov va Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov, viloyat hokimlari va sektorlar rahbarlarining vazifalari belgilab berilgan.
“Har bir sektor rahbari bir narsani tushunishi kerak. “Temir daftar”da umumiy ko‘rsatkichlar emas, balki har bir oila, har bir fuqaroning muammosi va uning yechimlari nomma-nom aks etishi kerak.
Asosiy maqsadimiz, “temir daftar”ga tushgan oilaning hech bo‘lmaganda bitta a’zosini joriy yilda ish bilan ta’minlab, shu orqali ularni muhtojlikdan chiqarish hisoblanadi.
Bu borada, “Andijon tajribasi”ni boshladik. Tumanda sektor rahbarlariga iqtisodiy, investitsiya va ijtimoiy kompleks xodimlari ham biriktirib berildi.
Endi, bu tajribani butun respublikada keng joriy etish zarur. Lekin, hamma joyda ahvol birdek tashkil etilmayapti, sektor rahbarlari ham vaziyatga to‘g‘ri baho bermayapti. Ajratilayotgan ijtimoiy yordamlar barcha ehtiyojmandlarga to‘liq yetib bormayapti”, deydi Prezident.
Davlat rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Angren shahridagi soliq idorasi rahbari sektorida 60 ta ehtiyojmand oilaga ko‘mak berildi, deb soxta ma’lumot taqdim etib kelgan.
“Ushbu sinovli davrda raqamlar ortidan quvish emas, balki chin ko‘ngildan xalqni rozi qilish uchun ishlash kerak”, deydi Mirziyoyev.
Yig‘ilishda har bir viloyatdan bittadan tuman (shahar) hokimi sektor rahbarlari bilan birga “temir daftar”ni to‘g‘ri yuritish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha hisobot berdi.
LiveBarchasi