O‘zbekistonda Suv akademiyasi tashkil etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda ichimlik va oqova suv xizmatlari sohasiga innovatsion texnologik yechimlar, ilmiy asoslangan zamonaviy yondoshuvlarni joriy etish va bu borada malakali kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan yagona ilmlar markazi – Suv ta’minoti sohasida mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish Akademiyasini tashkil etish taklif rejalashtirilmoqda. Bu haqda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilgan “Suv ta’minoti sohasida malakali xodimlarni tayyorlash tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Quyidagilar Suv akademiyasining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

•    suv ta’minoti sohasini rivojlantirishga zarur bo‘lgan boshqaruv, ishlab chiqarish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha kadrlar, shu jumladan, o‘rta va o‘rta-maxsus professional ta’lim, oliy ta’lim hamda oliy ta’limdan keyingi ta’limda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

•    xalqaro e’tirof etilgan xorijiy oliy o‘quv yurtlarining yetakchi professor-o‘qituvchilarini jalb qilgan holda, ichimlik va oqova suv sohasida amaliyot bilan uzviy bog‘liqlikda izlanishlar olib borish, ilmiy, ilmiy-pedagogik va ilmiy-texnik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlikda dasturlarni (joint programs) amalga oshirish, xorijiy stajirovka va malaka oshirish kurslarini tashkil etish;

•    ichimlik va oqova suv sohasida olib borilayotgan yangi qurilish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish tadbirlarida raqamlashtirish bo‘yicha ilg‘or texnik va texnologik yechimlar, jumladan SCADA va geoaxborot tizimlaridan keng foydalanish, hisob-kitoblar va billing tizimida “sun’iy intellekt” va “buyumlar interneti” (internet of things (IoT)) joriy qilish, oqova suv tizimlariga ilg‘or texnologiyalarni tadbiq qilish (membrana yordamida tozalash, suvni ionizatsiya qilish kabi texnologiyalar, tozalangan suvni qayta ishlatish), ichimlik suvni sifatini nazorat qilish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalar va laborator izlanishlarni olib borish va o‘qitish;

•    inshoot va tarmoqlar ekspluatatsiyasi, suv resurslarini integratsion tarzda (integrated water resources management), “aqlli” boshqarish va hisobini yuritish (smart water management), iste’molchilarni ichimlik suv bilan ta’minlash, ichimlik suvning texnologik va tijorat yo‘qotishlarini oldini olish, ichimlik suv sifati va xavfsizligi tahlili va monitoringi, atrof-muhitga zararni kamaytirish, muqobil suv manbaalarini aniqlash, maishiy va sanoat oqava hamda yomg‘ir suvlarni tozalash va qayta ishlash, nosozliklarni bartaraf etish, mehnat va texnika xavfsizligi, nasos uskunalarni ta’mirlash, metrologiya va gidravlika, qayta tiklanuvchi va energosamarador manbalarni joriy etish, sohani moliyaviy boshqarish, tariflarni shakllantirish, abonentlar va jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha doimiy ravishda qisqa va o‘rta muddatli o‘quv kurslari va amaliy o‘qishlarni, shu jumladan, to‘lov-kontrakt asosida tashkil etish;

•    soha xodimlarining ilg‘or innovatsion texnologiyalarni yaratish bo‘yicha tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash, ularning novatorlik g‘oyalarini ishlab chiqarishga joriy etishga ko‘maklashish uchun Suv akademiyasi ichida “Startap-akselerator” tashkil etish hamda ushbu akseleratorni Markaziy Osiyo miqyosida keng targ‘ib qilish;

•    sohada qo‘llaniladigan texnik talablar, shartlar, standartlar va faoliyat natijalari ko‘rsatkichlarini sohani rivojlantirish maqsadlaridan kelib chiqqan holda yangilab borish bo‘yicha asoslangan tavsiyalar tayyorlash, bu borada normativ-huquqiy bazani takomillashtirishda bevosita ishtirok etish;

•    sohada amalga oshirilayotgan investitsion siyosatga yangi boshqarish va moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish yuzasidan xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.

Qaror loyihasining muhokamasi joriy yilning 23 apreliga qadar davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

suv

Baholaganlar

45

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing