O‘zbekiston va Qirg‘iziston Qozog‘istonga 600 mln metr kub suv beradi
Olam
−
11 avgust 6242 2 daqiqa
O‘zbekiston va Qirg‘iziston Qozog‘iston janubida yerlarni sug‘orishdagi suv taqchilligini yengib o‘tish uchun 600 million metr kub suv yuboradi. Bu haqda joriy yilning 7 avgust kuni hukumat brifingida Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Qanat Bozumbayev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston janubida hozirgi yerlarni sug‘orish bilan bog‘liq vaziyat zudlik bilan choralar ko‘rishni talab qiladi. Avval tuzilgan davlatlararo kelishuvlar qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan suv hajmini ta’minlash imkonini beradi.
Bozumbayev O‘zbekiston va Qirg‘iziston vakillari bilan barcha zarur muzokaralar o‘tkazilganini bildirgan. Bungacha Qozog‘istonga suv yetkazib berish jadvalidan 1 milliard metr kubdan ortiq orqada qolish qayd etilgan.
“Bizda vegetatsiya davri avgust oyida yakunlanadi. O‘ylaymizki, tarang vaziyatga qaramay uni talafotsiz o‘tkazishga harakat qilamiz. Men shaxsan Turkiston viloyatini aylanib chiqdim, ko‘plab tumanlar, suv omborlarini borib ko‘rdim, fermerlar bilan uchrashdim. Qizilo‘rda viloyatini ham havodan ko‘rdim. Vaziyat tarang, ammo undan ham og‘irroq yillar bo‘lgan”, deydi Bozumbaev.
Shuningdek, Qozog‘iston Bosh vazir o‘rinbosari joriy yilda Markaziy Osiyodagi murakkab iqlim sharoitiga e’tibor qaratgan. Bunga suv kamligi, yozgi yuqori harorat va yog‘ingarchilik yetishmasligi kiradi. Bu holat suv oqimini kamaytirgan holda dehqonchilikda suv sarfini oshirgan.
Qanat Bozumbayevning ma’lumotiga ko‘ra, Sirdaryo, Chu, Talas daryolari va boshqa kanallarning suv o‘tkazuvchanligi odatdagidan 30-40 foizgacha pasaygan. Bu esa mintaqaning suv bilan ta’minlanishida qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘iston vakillari Tojikistonning Guliston shahrida uchrashib, Sirdaryo havzasidagi suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalarini muhokama qilgan edi.
Live
Barchasi