O‘zbekistonda so‘nggi 50 yildagi eng sovuq va eng issiq dekabr oyi haqida ma’lumot berildi

Bu qiziq

image

O‘zbekistonda bundan 39 yil ilgari, 1984 yilda so‘nggi 50 yillikdagi eng sovuq dekabr oyi kuzatilgan. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Aytilishicha, 1984 yil dekabr oyida havo harorati kechasi -18/-23 darajagacha, ba’zi joylarda -25/-27 darajagacha sovib ketgan.

“2021 yil dekabr oyida esa so‘nggi 50 yildagi eng issiq harorat kuzatilgan. Respublika bo‘yicha o‘rtacha oylik havo harorati me’yordan 2-4 daraja yuqori bo‘lgan. Eng issiq kunlarda havo harorati kunduzi 20-25 darajagacha, janubda 26-28 darajagacha ko‘tarilgan. Toshkentda dekabr oyi uchun mutlaq maksimal havo harorati 1915 yilda kuzatilgan, u 27,3 daraja issiqni tashkil etgan. Dekabr oyi uchun mutlaq minimal havo harorati, ya’ni 29,5 daraja sovuq 1930 yilda qayd etilgan”, deyiladi O‘zgidrometning ma’lumotida.

Unga ko‘ra, o‘tgan yilning dekabr oyi birinchi kunlaridanoq qor yog‘ishi va havo haroratining keskin pasayishi bilan o‘zining qishki mavsumdagi o‘zgarishlarini qayd etgan. Odatiy sovuq havo deyarli oyning o‘rtalariga qadar davom etgan. Kechasi ko‘pchilik hududlarda havo harorati -10/-15 darajagacha, shimoliy va cho‘l hududlarda -19/-24 darajagacha pasaygan. Faqatgina respublika janubida va Farg‘ona vodiysida havo unchalik sovuq bo‘lmagan, minimal harorat 1-6 daraja sovuq atrofida bo‘lgan.

Bundan tashqari, 2022 yili qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik respublikaning markaziy tumanlari tekisliklari bo‘ylab qor qoplamining shakllanishiga olib kelgan va bu holat 10 kun davom etgan. Maksimal qor balandligi 7-12 sm, ba’zi joylarda 13-17 sm gacha bo‘lgan. Tog‘li hududlarda qor qoplamining balandligi 40-90 sm ga yetgan.

O‘zgidromet joriy yilgi dekabr oyida havo harorati nisbatan iliq bo‘lishini prognoz qilgan.

Markazning kutilmalarida keltirilishicha, o‘rtacha oylik harorat me’yordan yuqori, ba’zi hududlarda me’yor atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati kechasi -1/-6 daraja sovuqqacha, shimolda -8/-13 daraja sovuqqacha pasayishi holatlari kuzatiladi. 

"Dekabr oyi uchun bu normal holat, chunki bu qish oyi. Eng issiq kunlarda havo harorati 15-18 darajagacha, janubda 20-22 darajagacha ko‘tariladi”, deyilgan O‘zgidrometning izohida.

Oldinroq xabar berganimizdek, 11-14 dekabr kunlari O‘zbekiston hududiga shimoldan sovuq havo massalarining kirib kelishi davom etadi. Havo harorati asta-sekin pasayib boradi va 12-14 dekabr kunlari kechasi -10/-13 daraja, kunduzi -5/-8 daraja sovuqqacha, shimolda kechasi -17/-20 daraja, kunduzi -9/-12 daraja sovuqqacha pasayadi.


Maqola muallifi

Teglar

ob-havo O'zbekiston O'zgidromet

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing