O‘zbekistonda soliq to‘lovchilar 3 turga ajratiladi – Jumageldiyev
Jamiyat
−
14 dekabr 2019
5248Avvalroq, Oliy Majlis Senati “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va ko‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ma’qullagani haqida xabar bergan edik.
Yangi Soliq kodeksiga ko‘ra, O‘zbekistonda soliq to‘lovchilarni 3 segmentga bo‘lib, soliq undirish tartibi joriy qilinadi. Bu haqda Oliy Majlis Senati a’zosi, Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Muhamat Jumageldiyev Senatning yigirma beshinchi yalpi majlisida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi yuzasidan so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.
Senatorning ta’kidlashicha, kodeksda soliq to‘lovchilar va soliq agenti zimmasidagi barcha majburiyatlar, ularni bajarish, xususan soliqlar va yig‘imlarni to‘lash, to‘lov topshiriqnomalarining banklar tomonidan ijro etilishi kabi qator vazifalar nazarda tutilmoqda.
“Soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchilarni 42 ta mezon asosida 3 segmentga, ya’ni, “vijdonli”, “shubhali” va “muntazam huquqbuzarlar”ga ajratgan holda ular bilan faoliyat tashkil etish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Soliq to‘lovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirish, soliq to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash vakolatlari xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga berilmoqda.
Shuningdek, soliq to‘lovchi tomonidan ortiqcha to‘langan yoki undan ortiqcha undirilgan soliq summasini soliq to‘lovchining qarzi bo‘lmagan hollarda soliq to‘lovchiga qaytarilishi yoki kelgusi to‘lovlar hisobiga hisobga olinishi lozimligi ham belgilangan.
Kodeksning yangi tahririda ortiqcha to‘lovini qaytarib berish muddatidan o‘tgan har bir kun uchun soliq xizmati organlarining penya to‘lashi ham ko‘zda tutilmoqda.
Soliq majburiyati bajarilishining ta’minoti sifatida kodeksda mol-mulk garovi, kafillik, bank kafolati, banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish, mol-mulkni xatlash kabi harakatlar me’yorlari belgilangan.
Soliq nazorati kodeksda, vakolatli organlarning soliq to‘lovchilar va soliq agentlari tomonidan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilishga doir faoliyat deb belgilanmoqda.
Soliq nazorati to‘g‘risidagi umumiy qoidalarda amalda bo‘lgan soliq qarzini debitor qarzdorlik hisobidan undirish tartibidan voz kechilmoqda.
Shu bilan birga,soliq to‘lovchi, soliq agenti yoki boshqa shaxslarning javobgarligi ham belgilanib g‘ayriqonuniy harakati yoki harakatsizligi soliqqa oid huquqbuzarlik deb hisoblanishi qayd etilgan.
Unda javobgarlikka tortishning umumiy shartlari, sodir etilgan huquqbuzarlik bo‘yicha aybdorlik shakllari, aybni istisno qiluvchi holatlar, qo‘llaniladigan moliyaviy sanksiyalar kabi javobgarlik choralari nazarda tutilgan. Kodeksda soliq organlarining hujjatlari va mansabdor shaxslari harakati ustidan shikoyat berish, uni ko‘rib chiqish qoidalari ham belgilangan", deydi senator Muhamat Jumageldiyev.