O‘zbekistonda soliq tizimi soddalashtiriladi – Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 10 iyul kuni “Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori

Mamlakatda soliq siyosatini takomillashtirish, soliq ma’muriyatchiligi samaradorligini oshirish, soliq yukini izchil kamaytirish, soliq tizimini soddalashtirish va soliq hisobotlarini tubdan qisqartirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining amaliyotga joriy etilishi natijasida mehnatga haq to‘lash jamg‘armasiga soliq yuki kamaytirildi, aylanma mablag‘lardan olinadigan soliqlar optimallashtirildi, davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni bekor qilish va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasini kamaytirish orqali soliq tizimi qayta ko‘rib chiqildi.

Soliq tizimini yanada takomillashtirish, iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirish va O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish maqsadida:

1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq tadbirkorlik sub’ektlari aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarlikni tan olib, davlat soliq xizmati organlarining soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorini olgan kundan e’tiboran o‘n kun muddat ichida moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lasa, tadbirkorlik sub’ektlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari yoxud tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar mazkur huquqbuzarlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan jinoiy va ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi.

2. Belgilab qo‘yilsinki, 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadigan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar davlat soliq xizmati organlarida ushbu soliqning to‘lovchisi sifatida majburiy hisobga olinadi va bu qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olishning sharti hisoblanadi;

qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishda ushbu soliq summasi qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tilgan sanadan avvalgi oxirgi 12 oyda xarid qilingan tovar-moddiy zaxiralarning tasdiqlangan qoldiqlari bo‘yicha realizatsiya hajmiga mos keladigan ulushda hisobga olinadi;

qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tish yoki yagona soliq to‘lovini to‘lashni rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tiladigan oy boshlanishidan oldin o‘n ish kunidan kechiktirmasdan taqdim etiladi.

3. Quyidagilar:

Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish strategiyasi (keyingi o‘rinlarda – Strategiya) 1-ilovaga muvofiq;

Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda – “Yo‘l xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

Belgilansinki, “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha har yili ajratiladigan byudjet mablag‘lari, Davlat soliq qo‘mitasining byudjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro moliya institutlarining mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi:

a) uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflarni kiritsin:

chet el fuqarolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi chegarasini kesib o‘tishda xarid qilingan tovarlar uchun to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish (“tax free”) tartibini belgilash;

coliqlar bo‘yicha to‘lovlarni keyinchalik bo‘lib-bo‘lib foizi bilan qaytarish orqali kamaytirishni nazarda tutuvchi “investitsiyaviy soliq kreditlari” institutini joriy etish;

soliq to‘lovchi – yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor unga nisbatan qo‘llanilgan moliyaviy jarimalar to‘g‘risidagi qarorni olgan kundan boshlab, qo‘llanilgan moliyaviy jarimalar miqdorining 50 foizini o‘n kun davomida ixtiyoriy ravishda to‘laganda, uni jarima summasining qolgan qismini to‘lashdan ozod etish bo‘yicha moliyaviy jarimalarni undirishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish;

yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qo‘llash maqsadida yalpi tushumning chegaraviy miqdorini sun’iy pasaytirishga qaratilgan xatti-harakatlarga (bo‘linish, yangi tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etish va boshqalar) chek qo‘yish choralarini ko‘rish, mazkur holatlar aniqlanganda to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlar summasiga davlat soliq xizmati organlari tomonidan tuzatish kiritish va ularni sud tartibida undirish mexanizmlarini joriy etish;

b) O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 dekabrga qadar buxgalteriya hisobini amalga oshirish hamda soliq to‘lovchilar va soliq organlari o‘rtasida real vaqt rejimida ma’lumotlar almashish imkonini beradigan, soliq hisobotini topshirish tizimi bilan integratsiya qilingan buxgalteriya hisobining yagona axborot tizimini (keyingi o‘rinlarda – Yagona axborot tizimi) ishlab chiqsin va joriy qilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda uch oy muddatda “UzTrans” yagona interaktiv axborot tizimi bazasida quyidagilarni ta’minlaydigan “Yuk tashishlar monitoringi” axborot platformasini (keyingi o‘rinlarda – Axborot platformasi) ishlab chiqishni ta’minlasin:

yuk tashuvchilar tomonidan tovarning kuzatuv hujjatlarini (schyot-faktura (invoys), yuk xati va boshqa hujjatlarni) ro‘yxatdan o‘tkazish;

yuk jo‘natuvchilar va uni qabul qilib oluvchilar tomonidan real vaqt rejimida tovarlar harakatini monitoring qilish.

6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

Yagona axborot tizimidan foydalanuvchi tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati ushbu dasturiy mahsulotni qo‘llagan davrida tekshirilmaydi;

yuk tashuvchi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tovarning kuzatuv hujjatlarini Axborot platformasida majburiy tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

a) ikki oy muddatda:

xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni davlat soliq xizmati organlarida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari sifatida hisobga olish tartibini ishlab chiqsin;

onlayn nazorat-kassa mashinalari cheklari bilan tasdiqlangan xarajatlar bo‘yicha jismoniy shaxslarga daromad, mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha chegirmalar berish yoki cheklarda ko‘rsatilgan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarib berish tartibini joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflar kiritsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

b) 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

davlat coliq xizmati organlari xodimlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligi (KPI) ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, ularni moddiy rag‘batlantirish, xizmatda lavozimini oshirish, mukofotlash, intizomiy choralar qo‘llash tizimini joriy etsin;

Savdo-sanoat palatasi va Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bilan birgalikda insofli tadbirkorlarni rag‘batlantirish va jamoatchilik nazoratini rivojlantirish maqsadida “Chekni talab qil va sovg‘a yutib ol” ommaviy aksiyalari o‘tkazilishini tashkil etsin;

v) Ctrategiyani amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli ishlab chiqilishini ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari va internet-resurslarda ushbu qarorning mohiyati va ahamiyati keng yoritilishini ta’minlasin hamda Ctrategiyani amalga oshirish doirasida ommaviy axborot vositalari, ilmiy doira va xorijiy ekspertlar, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini keng jalb etgan holda joylarda uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari va matbuot anjumanlarini tashkil etsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 10 iyul


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Prezident qarori Soliq ma'muriyatchiligi

Baholaganlar

26

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing