O‘zbekistonda SI xizmatlari hajmi 1,5 mlrd dollarga yetkaziladi
Jamiyat
−
18:41 553 4 daqiqa
O‘zbekistonda sun’iy intellekt asosida yaratilgan dasturiy mahsulot va xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish, infratuzilmani kengaytirish hamda 200 dan ortiq yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda bugun, 7 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan mamlakatda sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar natijasida O‘zbekiston sun’iy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro reytingda 25 pog‘ona yuqorilab, 62-o‘ringa ko‘tarilgan. 2030 yilga qadar mamlakatni mazkur reytingda dunyodagi eng ilg‘or 50 ta davlat qatoriga kiritish maqsad qilingan.
Shuningdek, sun’iy intellekt asosida yaratilgan dasturiy mahsulot va xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish, infratuzilmani kengaytirish hamda 200 dan ortiq yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari sohadagi texnologiyalar shiddat bilan o‘zgarayotganini ta’kidlab, jahon va mintaqadagi tendensiyalarni muntazam tahlil qilish, ilg‘or ishlanmalarni tezkor o‘zlashtirish va yangi tashabbuslarni ilgari surish zarurligini qayd etgan.
Avvalo, taqdimotda zamonaviy hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
O‘tgan oyda “Raqamli hukumat” data-markazida AQSHning NVIDIA texnologiyalari asosidagi superkompyuter ishga tushirilgan. U quvvati bo‘yicha jahon reytingida 321-o‘rinni egallaydi. Bir oy ichida klaster yuklamasining 90 foizga yetgani mamlakatda hisoblash quvvatlariga talab yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunga qadar 24 million dollarlik zamonaviy hisoblash infratuzilmasi ishga tushirilgan. Mavjud klasterni kengaytirish uchun yana 70 million dollar yo‘naltirish taklif qilingan. Qo‘shimcha mablag‘lar manbalari, zarur uskunalarni olib kelish muddatlari hamda Qoraqalpog‘istonda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan data-markazlar loyihalari bo‘yicha axborot berilgan.
Sun’iy intellekt yechimlarining samaradorligi sifatli ma’lumotlar bazasiga bevosita bog‘liqligi ta’kidlangan. Shu bois, vazirlik va idoralardagi mavjud ma’lumotlarni xatlovdan o‘tkazish, ularning to‘liqligi, ishonchliligi va o‘zaro muvofiqligini ta’minlash, sohalar kesimida sifatli ma’lumotlar to‘plamlarini shakllantirish vazifasi qo‘yilgan.
Joriy yilning o‘zida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sun’iy intellekt asosida amalga oshiriladigan loyihalar sonini 100 tadan oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan. Tibbiyot, energetika, transport, bojxona, huquqiy xizmatlar, jamoat xavfsizligi, ekologiya va geologiya yo‘nalishlarida ishlab chiqilayotgan yechimlar taqdim qilingan.
Bu borada IT-Park rezidentlari, startaplar va 20 dan ortiq sun’iy intellekt laboratoriyalari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etilgan. Joriy yilda ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan rezidentlar sonini 300 taga, ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini 2 trillion so‘mga, eksportni esa 160 million dollarga yetkazish kutilmoqda.
Kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Bugungi kunga qadar 1,5 milliondan ortiq foydalanuvchi sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus sertifikat olgan. Shuningdek, 900 nafar rahbar, 3 mingdan ziyod davlat xizmatchisi, 1 ming nafar bank xodimi va 200 nafar maslahatchi maxsus kurslarda o‘qitilgan.
Kelgusi ikki yilda “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasini to‘liq amalga oshirish, o‘quvchilar, talabalar, o‘qituvchilar va keng aholi qatlamlari uchun zamonaviy o‘quv-uslubiy materiallarni ishlab chiqish vazifasi belgilangan.
Nukus, Samarqand, Termiz, Buxoro, Farg‘ona, Andijon, Guliston va Jizzax shaharlarida sohaviy xakaton va tanlovlar o‘tkazilgan. “Sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap” tanloviga start berilgan. Bunday xakatonlarni barcha hududlarda tashkil etish topshirilgan.
Viloyat, tuman va shahar hokimlarining sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchilari faoliyati ham muhokama qilingan. 500 nafar nomzod orasidan 222 nafar maslahatchi saralab olingan. Ushbu lavozimlarga xorijda ta’lim olgan va zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan yosh mutaxassislarni keng jalb qilish, ularning ishini aniq natija va samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash zarurligi ta’kidlangan.
Maslahatchilar faoliyati, amalga oshirayotgan loyihalari va tashabbuslarini monitoring qilish hamda qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan alohida raqamli platformani ishga tushirish vazifasi qo‘yilgan.
Taqdimotda sun’iy intellekt sohasidagi xalqaro hamkorlik istiqbollari ham ko‘rib chiqilgan. Ma’lumki, O‘zbekiston yaqinda WAICO – Sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkiloti tashkilotiga ta’sischi davlatlardan biri sifatida a’zo bo‘lgan.
Endi mazkur tashkilotda ishtirok etish orqali ilg‘or texnologiyalar, katta til modellari va raqamli transformatsiya yechimlarini mamlakatda joriy etish, xorijiy texnologik kompaniyalar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surish zarurligi qayd etilgan.
Prezident mutasaddilarga hisoblash quvvatlarini izchil oshirish, sohalarda amaliy loyihalarni ko‘paytirish, sifatli ma’lumotlar bazasini yaratish, iqtidorli yoshlar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar bergan.
Live
Barchasi