O‘zbekistonda shakar qimmatlaydimi?
Jamiyat
−
08 aprel
14077Avvalroq, Rossiya Federatsiyasi 2024 yil 31 avgustgacha shakar va xom shakar eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy etishi xabar qilingandi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya O‘zbekistonga shakar yetkazib berishni to‘xtatishi respublika ichki bozorida shakar narxining qimmatlashuviga olib kelishi haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bunga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda shakar mahsulotiga bo‘lgan yillik talab o‘rtacha 650-700 ming tonnani, shundan aholi iste’moli uchun (aholi soni 36,8 mln kishi, tibbiy me’yor bo‘yicha 1 kishiga 9,1 kg/yil) 335 ming tonnani va oziq-ovqat sanoati korxonalari talabi uchun 300-350 ming tonnani tashkil etadi. Respublikada faoliyat yuritayotgan 2 ta: “Angren Shakar” va “Xorazm Shakar” MCHJ shakar ishlab chiqarish korxonalarining yillik ishlab chiqarish quvvati esa 900 ming tonnadan ko‘p bo‘lib, bu ichki bozorni talabidan ortig‘i bilan ta’minlashga yetadi. Ushbu korxonalar tomonidan 2023 yilda 600 ming tonnadan ziyod shakar ishlab chiqarilgan.
Shuningdek, 2023 yilda shakar importi 150 ming tonnani tashkil etib, nafaqat Rossiyadan, balki Pokiston, Qozog‘iston, Tailand, Hindiston va boshqa mamlakatlardan ham shakar import qilinmoqda.
Bunda asosan yirik sanoat korxonalari tomonidan o‘z ehtiyoji uchun tayyor mahsulot ishlab chiqarishda xomashyo sifatida foydalanish maqsadida shakar import qilingan.
Rossiya Federatsiyasi tomonidan shakar eksportini cheklash O‘zbekistonning ichki bozorida tanqislikni keltirib chiqarmaydi, chunki respublikamizdagi yirik shakar ishlab chiqaruvchi zavodlarning faoliyati Rossiya bilan bog‘liq emas va 2023 yilda xomashyo, asosan, 762 ming tonna miqdorida (shakar chiqishi 98 foiz) Braziliya va Hindistondan import qilingan.
Qayd etilishicha, bugungi kunda ikkita shakar ishlab chiqarish zavodlari tomonidan birjaga ichki bozor uchun har kuni 2 100 tonna mahsulot chiqarilayotgan bo‘lib, shakar ko‘pligidan uning atigi o‘rtacha 300 tonnasi sotilmoqda, xolos. Shakar sotilmayotganligi natijasida korxonalar bozor bahosidan ham past narxga taklif qilmoqda. Bugungi kunda (5 aprel holatiga) ichki bozorda shakarning chakana narxi o‘rtacha 13,8 ming so‘mni tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 2,8 foizga oshgan.
Shakar ishlab chiqaruvchi korxonalar ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda yetarli (4 oylik savdo uchun) shakar va shakar xomashyosi zaxirasi mavjud. Shuningdek, shakar ishlab chiqarish uchun Braziliya mamlakatidan xomashyo kirib kelishi davom etmoqda.
“Shunday ekan nafaqat Rossiyadan, balki boshqa mamlakatlardan ham tayyor shakar mahsuloti importi cheklansada, mahalliy korxonalar tomonidan ichki talabni to‘la qondirish imkoniyati mavjud”, deyiladi vazirlik bayonotida.
LiveBarchasi